Prezidentimiz tashabbusini mahalla ahli qoʻlladi, hokimlik esa…

0
179
marta koʻrilgan.

Ushbu maqola 22 oktyabr 2019 yilda OʻzA saytida  chop etildi.  Oʻtgan davr ichida  jurnalist Norgul Abduraimova qoʻtarib chiqqan muammo hal  boʻlmadi. U qanday muammo dersiz? Masalaning mohiyatini anglatish maqsadida avvalo, quyida ushbu maqola bilan tanishtiramiz:

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahalla ahlining birdamligi tufayli bu hududda osoyishtalik, obodlik barqaror.

Yaqinda hududda mahalla bolajonlari uchun futbol maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirilgani haqiqiy bayram tusini oldi. Eʼtiborlisi, 50 million soʻm mablagʻ sarflangan ushbu majmua mahalla ahli homiyligida bunyod etildi.

– Xalqimiz manfaatlarini taʼminlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus ichida farzandlarni komil inson qilib tarbiyalash, ularni sogʻlomlashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratilgan. Aholi bilan uchrashuvlarda bu haqda fikrlashganimizda mahallamizda sportni rivojlantirish boʻyicha takliflar tushdi. Bu bilan kifoyalanmasdan farzandlarimiz uchun futbol maydonchasini oʻz kuchimiz bilan qurishga kelishib oldik. Qisqa muddatda qarovsiz yotgan yerda futbol maydonchasi barpo etildi, – deydi Yunus Rajabiy nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ulugʻbek Hakimov.

Hozir bu maskan nafaqat bolalar, balki kattalarning ham sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Yosh futbolchilarning, qolaversa oʻz bolasining maydondagi shijoatini tomosha qilishni kim istamaydi, deysiz?

Ammo, bir muammo mahalladoshlarni oʻylantirib turibdi. Mahallaning kuchi bilan bunyod etilgan futbol maydonchasi hujjatlarda hamon egasiz. Bu haqda hokimlik mutasaddilarga bir necha bor murojaat qilinganiga qaramay, masalaga hamon panja orasidan qaralmoqda. Aslida hokimlik bunday ishlarga bosh qotirib, mahallalarda sportni rivojlantirish uchun inshootlar qurishga masʼul, emasmi? Tayyor yordamni qabul qilib, maydonchani mahalla balansiga oʻtkazib berishdek kichik savobli ishni qilishga nahotki masʼullar shunchaki erinayotgan boʻlsa?

Bunday eʼtiborsizlik va sovuqqonlik esa tashabbuskor, homiylik qilishdan qochmaydigan kishilarning hafsalasini pir qilmaydimi?

Hozir mahalla ahli shaxmat-shashka oʻynaladigan yana bir sport klubi tashkil etish arafasida. Bunday tashabbuslar esa qoʻllab-quvvatlanishi kerak. Mahalladagi yana bir holat kishini quvontirdi.

Tatyana buvi har safar xonadoni qoʻngʻirogʻi chalinsa, eshikka sevinch bilan talpinadi. Bu bejiz emas. Chunki 92 yoshni qarshilagan nuroniy buvining uyiga mahalladoshlari bir olam mehr bilan kelgan boʻladi.

Mahaladoshlar bir dasturxon atrofida oʻtirib, uzoq-uzoq suhbat qurishadi. Mahalla faollari gap orasida xonadonda qanday muammolar borligi bilan qiziqadi, yolgʻiz yashaydigan buviga imkon qadar yordam berishadi.

Yaqinda Tatyana Kozlovaning muhim ovunchogʻi televizori buzilib qolgan ekan. Mahalla raisining oʻzi televizorni ustaga olib borib, taʼmirlatib keldi.

Ha, bu chinakam mahalla qiyofasi! Bunday mahallada hech kim yolgʻizlanib, qarovsiz qolmaydi!

Shuning uchun ham mahalla instituti dunyoda boshqa qiyosi boʻlmagan jamoatchilik tuzilmasi sifatida shuhrat qozongan.

Gujum.uz tahririyatidan: OʻzA muxbiri  Norgul Abduraimova fikrlarida jon bor. Mahalla Vatan ichra  kichik Vatan! Mahalla fuqarolar yigʻini esa – demokratiya kuzgusi! Qadimiy tarixga ega mahallada xalqimizning goʻzal qadriyatlari, urf-odatlari, bagʻrikengligi  mujassamlashgan.

Yunus Rajabiy nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ulugʻbek Hakimov saytimizga murojaat qilib, muammoni yorititishda koʻmaklashishni iltimos qildi. Futbol maydonchasini koʻrib keldik. Darhaqiqat, bolalarning yayrab mashgʻulot oʻtkazishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, bu maskan soya-salqin boʻlib, koʻp yillik daraxtlari koʻpligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, maqolada taʼkidlanganidek, mahalla ahli uchun shaxmat-shashka oʻynaladigan yana bir sport klubi tashkil etish imkoniyati ham mavjud.

–  Biz tuman mutassadilariga bir necha marta murojaat qildik. Sado chiqmadi. Endi butun umidimiz shahar hokimligidan, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ulugʻbek Hakimov. – Tashabbusimiz tuman mutassadilari tomonidan qoʻllab-quvvatlanmaganligi tufayli shaxmat-shashka hamda oqsoqollar klubi tashkil etish ishlarimiz ham toʻxtab qoldi.

Ayni kunda mahalla ahli Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxoʻjayev nomiga ushbu masalani hal qilib berish borasida  koʻmak soʻrab, murojaat qilmoqda. Maydonchani mahalla balansiga oʻtkazib berishdek kichik savobli ish nega hamon hal etilmayapti?. Mahalla ahli Toshkent shahar hokimiyatidan odilona  javob va koʻmak  kutmoqda. Tadbirkor va tashabbuskor shahar hokimi mahalla ahlining iltimosini eʼtiborga oladi, degan umiddamiz.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.