Prezidentlar hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini belgilab oldilar

0
108
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari muzokaralar yakuni boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon delegatsiyasini samimiy qutlab, ikki xalq munosabatlarining shonli tarixi bugungi koʻp qirrali hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini taʼkidladi.

– Maʼnaviy qadriyatlarimiz, dinimiz bir, madaniyat va tilimiz oʻxshash, — dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ahmad Fargʻoniy va Abu Rayhon Beruniy asarlarida Ozarbayjonning sharq va gʻarb tamaddunlari bir-birini boyitgan koʻplab shaharlari tilga olingan. Sharqshunoslik instituti fondlarida esa Nizomiy, Xoqoniy, Tusiy, Fuzuliy, Xatoiy va boshqa ozarbayjon shoir va mutafakkirlarining oʻnlab noyob qoʻlyozmalari avaylanib saqlanmoqda.

Bu oʻzbek xalqi azal-azaldan ozarbayjon madaniyatiga katta hurmat va qiziqish bildirib kelayotganining yana bir dalilidir, deb taʼkidladi Oʻzbekiston yetakchisi.

— Tor va kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlarda ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarni batafsil muhokama qildik. Muzokaralar hamkorligimizni xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlashga tayyorligimizni koʻrsatdi. Hozirgina salmoqli hujjatlar toʻplami imzolandi. Ular orasida ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradigan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisida deklaratsiya imzolandi. Biz hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini ham belgilab oldik, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning eng muhim ustuvor yoʻnalishi ekani qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ancha koʻpaydi. Qoʻshma korxona va loyihalar soni 4 barobar oshdi.

Tomonlar hamkorlikni tubdan faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi, eng avvalo, iqtisodiyotlarimizning bir-birini toʻldirib turishiga ishonch bildirdilar.

Hojiqabul shahrida avtomobil ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani, ipakchilik sohasidagi hamkorlik rivojlanayotgani bunga misol. Qazib chiqarish, neft-kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, zargarlik buyumlarni ishlab chiqarish, vinochilikda oʻnlab yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Navbatdagi strategik yoʻnalish – strategik kommunikatsiyalarni rivojlantirish. Bugun yuklarni, shu jumladan “Boku – Tbilisi – Qars” temir yoʻli orqali tashish hajmi ortib bormoqda. Tomonlar yangi yoʻlaklarni tashkil etish, multimodal tashishlarni koʻpaytirish, transport korxonalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga kelishib oldilar.

Iqlim bilan bogʻliq xatarlar va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari kuchayib borayotganini hisobga olib, muzokaralarda qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ilmiy va innovatsion yechimlar bilan faol almashish, agrar tarmoqni raqamlashtirish boʻyicha sheriklikni yoʻlga qoʻyish, investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaror qilindi.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Bunga joriy yil kuzida Toshkent shahrida birinchi Hududlar forumining oʻtkazilishi xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar sohada ham azaldan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Muzokaralar yakunida Madaniyat va kino kunlarini oʻtkazish, gumanitar va turizm almashinuviga doir dasturlarini rivojlantirishga ahdlashib olindi.

– Ozarbayjon Prezidentining tarixiy ahamiyatga ega davlat tashrifi oldinga tashlangan ulkan qadamdir. Bugun biz birodar xalqlarimiz doʻstligini yanada mustahkamlash va mamlakatlarimiz strategik sherikligini chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlarni shakllantirdik, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Prezident Ilhom Aliyev taklif uchun minnatdorchilik bildirib, Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlardan xursand ekanini taʼkidladi.

— Qardosh Oʻzbekiston zaminida boʻlib turganimdan, Siz bilan ikki tomonlama munosabatlarning keng doirasi va tashqi siyosiy kun tartibidagi muhim masalalarni muhokama qilishdan mamnunman, — dedi Ilhom Aliyev. – Oʻylaymanki, bu haqiqatdan ham muvaffaqiyatli tashrif. Chunki muhokama qilingan mavzularning mohiyati, shakli, mazmuni boʻyicha ham, biz qabul qilgan qarorlar boʻyicha ham ushbu tashrif va kelishuvlar munosabatlarimizning yanada rivojlanishiga asos boʻladi.

Ozarbayjon yetakchisi imzolangan hujjatlar va bugungi vazifalar ijrosi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashini qayd etdi.

– Bugun biz iqtisodiy hamkorlik, biznes tuzilmalari oʻrtasidagi aloqalar, xavfsizlik va mudofaa qobiliyati, madaniy-gumanitar aloqalar toʻgʻrisida fikr almashdik. Yaʼni, keng maʼnoda aytadigan boʻlsak, faol hamkorligimiz uchun poydevor yaratilmoqda, – dedi Ozarbayjon Prezidenti.

Davlat rahbarlari xalqaro tuzilmalar doirasidagi oʻzaro muloqot konstruktiv kechayotgani va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash muhim ekanini taʼkidladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.