Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In hamrohligida Seul shahridagi Janubiy Koreya Milliy muzeyiga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Mazkur muzey Koreya Respublikasining eng yirik tarixiy va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. 1945 yil asos solingan muzey uchun 2005 yil oʻziga xos meʼmoriy yechimga ega zamonaviy bino barpo etilgan. Osiyoda eng yirik, deya eʼtirof etiladigan ushbu muzey koʻlami jihatidan dunyoda oltinchi oʻrinda turadi. Muzeyda 220 mingdan ortiq tarixiy, badiiy, arxeologik va boshqa eksponatlar mavjud.
Prezidentimiz muzey boʻlimlari va eksponatlari bilan tanishdi. Madaniy-gumanitar sohada davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishib olindi.