Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021 yil 16−18 dekabr kunlari Janubiy Koreyaga tashrifi ikki dalat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojining yangi davrini boshlab berdi. Maʼlumki, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng Janubiy Koreya birinchilardan boʻlib mamlakatimiz mustaqilligini tan oldi.
Davlat oʻrtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yilda oʻrnatilganidan soʻng qisqa fursatda ikki tomonlama munosabatlar strategik hamkorlikning yuksak darajasiga koʻtarildi. Jabuniy Koreya kabi rivojlangan davlat tomonidan davlatimiz mustaqilligini tan olinishi xalqaro maydonda yangi mustaqillikka erishgan yosh davlat uchun ishonchli subyekt sifatida shakllanishiga muhim omil boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ikki davlat oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 29 yil toʻldi. Biroq, bu doʻstlik rishtalari juda qadim davrlarga borib taqaladi. Ikki davlat oʻrnasidagi aloqalarning rivojlanishi uchun juda koʻplab tarixiy omillar mavjud. Bu Samarqandning Afrosiyob muzeyidagi devoriy suratlarda aks ettirilgan koreys elchilari haqidagi qadimiy miniatyuralardan bizga yaxshi maʼlum. Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Vyetnam kabi davlatlar hududida topilgan arxeologik manbalar, yozuvlar, amaliy sanʼat asarlari asosida dinlarning (buddaviylik, xristianlik, moniylik) Uzoq Sharq mamlakatlariga transformatsiyasida ajdodlarimizning vositachilik vazifasini bajarganligi soʻnggi yillarda olib borilgan tarixiy tadqiqotlarda oʻz tasdigʻini topmoqda. Binobarin, oʻzbek va koreys xalqlarining madaniyati, mentaliteti bir-biriga nihoyatda yaqin. Bagʻrikenglik, mehnatkashlik, vatanparvarlik, mehr-oqibat, xayr-saxovat, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi azaliy qadriyatlarimiz juda oʻxshash.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 200 mingdan ziyod koreys diasporasi vakillari istiqomat qiladi. Oʻtgan asrning 30-yillarida shafqatsiz siyosiy tuzum tazyiqi ostida oʻn minglab koreyslar Uzoq Sharqdan Oʻzbekiston zaminiga kelib qolishgan. Oʻzbek xalqi oʻziga xos olijanoblik va bagʻrikenglik bilan taqdir hukmiga tashlab qoʻyilgan koreyslarga mehr koʻrsatdi, bagʻriga olib, boshpana bergan. Mehnatsevarligi, qatʼiy irodasi, ahilligi, intizomi, yerga mehri bilan dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz oʻxshashligi tufayli koreyslar Oʻzbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, koʻp millatli Oʻzbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylangan. Ular yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida faol ishtirok etib, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat va qishloq xoʻjaligi salohiyatini mustahkamlash, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalar taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotir.
Mustaqillik yillarida mamlakatlarimiz oʻrtasida barcha sohalardagi oʻzaro hamkorlik aloqalari keyingi yillarda jadal rivojlanib bormoqda. Oʻzbekiston oʻz mustaqilligiga erishganidan buyon shu kunga qadar Koreya bilan imzolangan 170 ga yaqin hujjat ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam huquqiy asosi boʻlib xizmat qilmoqda. Ayni vaqtda yurtimizda koreyalik investorlar ishtirokida 660 ga yaqin korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Qariyb chorak asr muqaddam Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida “Koreya – Oʻzbekiston” parlament doʻstlik Assotsiatsiyasi tashkil etilgan boʻlsa, 2005 yildan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Koreya Milliy Assambleyasi bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha parlamentlararo doʻstlik guruhi samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 1994 yildan beri esa, savdo-iqtisodiy munosabatlar boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiya tuzilgan boʻlib, 2017 yilda ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi yildan yilga ijobiy oʻsish koʻrsatkichlarini saqlab kelinganligi muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro tashkilotlar doirasida ham BMT Bosh Assambleyasidagi tashabbus va rezolyusiyalarni, BMTning turli organlariga nomzodlarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash orqali, shuningdek, Osiyo mintaqaviy guruhi doirasida samarali hamkorlik olib borilmoqda. Keyingi yillarda BMT Xavfsizlik kengashi muvaqqat aʼzoligiga (2013-2014 yillar), Inson huquqlari Kengashiga (2013-2015 va 2016-2018 yillar), Xalqaro huquq Komissiyasiga (2017-2021 yillar), BMTning Irqiy kamsitishlarni bartaraf qilish boʻyicha Qoʻmitasiga (2018-2021 yillar) Janubiy Koreyaning nomzodi Oʻzbekiston tomonidan faol qoʻllab-quvvatlandi. Oʻz navbatida, Janubiy Koreya ham BMT Bosh Assambleyasining 69-sessiyasida qabul qilingan, har ikki yilda bir marta koʻrib chiqiladigan “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud” toʻgʻrisidagi rezolyusiyani izchil maʼqullab kelmoqda.
Prezidentimizning Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 16−18 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga qilgan tashrifi koʻp yillik tarixiy asoslarga ega boʻlgan ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirdi.
Tashrif davomida Seulda boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda Oʻzbekiston-Koreya doʻstlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish yoʻllarini ishlab chiqilishi hamkorlikning yangi qirralarini paydo boʻlishiga muxim omil sifatida xizmat kiladi.
F.B.Jumaniyozov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali katta oʻqituvchisi