Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrining tarixiy qismida turizm sohasini yanada rivojlantirish konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Buxoro qadimiy obidalari, asrlar osha davom etib kelayotgan milliy hunarmandlik anʼanalari bilan ulkan turistik salohiyatga ega. Davlatimiz rahbari viloyatga oʻtgan yilgi tashrifi chogʻida bu salohiyatdan toʻla foydalanish, shaharning tarixiy qismida hunarmandlar mavzesi qurish, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalarini qayta taʼmirlash kabi qator vazifalarni belgilab bergan edi.
Ushbu koʻrsatmalar asosida Poyi Kalon va Mir Arab madrasalari taʼmirdan chiqarildi. «Haqiqat» koʻchasida birinchi qavatida doʻkon va ustaxonalar boʻlgan, ikkinchi qavatida hunarmandlar oilasi yashaydigan uylar qurilib, atrof obodonlashtirildi. Natijada koʻcha va saylgoh shaharning tarixiy qismiga monand zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Bu boradagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Mehmonxonalar, savdo-koʻngilochar maskanlar, kafe va choyxonalar qurilmoqda.
Prezidentimiz jahon tajribasi asosida sayyohlarga barcha qulayliklarni yaratish, ularning xavfsizligini taʼminlash, koʻngilochar dasturlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari shaharning tarixiy qismidagi madaniy meros obyektlarini taʼmirlash va tiklash, hududdan oʻtgan avtomobil yoʻllari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish kabi loyihalar bilan tanishdi.