Yakkasaroy tumanida «Qadriyatlar – bebaho boyligimiz» mavzusida tadbir oʻtkazish anʼanaga aylandi. Tumanda joylashgan Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida tuman Oila va xotin-qizlar boʻlimi tomonidan navbatdagi tadbir tashkil etildi.
Unda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Raʼno Turdiboyeva, Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda tuman oila va xotin-qizlar boʻlimi masʼullari, muzey xodimlari, elimiz suygan sanʼatkorlar, olimlar va mahalla faollari ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar avvalo muzey koʻrgazmalarini tomosha qilishdi. Xalqimizning ming yillik tarihidan soʻylab turgan zargarlik, naqqoshlik, misgarlik, toʻqimachilik buyumlari asbob-uskunalarini tomosha qilib katta taassurot olishdi.
Shuningdek, tadbirda oila mustahkamligini taʼminlash, barvaqt turmushga chiqish, erta tugʻruqlar va ajrimlarning oldini olish, bola tarbiyasi yuzasidan fikr almashildi.
Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz aks etgan sahna koʻrinishlari mashhur sanʼatkorlar tomonidan ijro etildi. Shu bilan birga mahalla faollari ham oʻz isteʼdodlarini namoyon etishdi. Alla aytish, kelin salom va kelinchakning ilk non yopishi ifodalangan udumlarimizni aks ettirishib, tomoshabinlar tomonidan olqishlar olishdi.
Tadbir mazmun-mohiyatli va qiziqarli tarzda oʻtdi. Tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldirdi.
gujum. uz