Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) taqdim qilgan maʼlumotga koʻra, ayni paytda dunyo boʻyicha 548 million insonda qandli diabet kasalligi uchraydi. Afsuski, bu juda hunuk statistika. Tashkilot 2012 yil oʻtkazilgan BMTning Bosh Assambleyasida qandli diabetni XXI asrda insoniyat salomatligi uchun xavfli kasalliklardan biri deb taʼkidlagan edi.
BMT butun dunyo boʻyicha diabetga qarshi kurash borasida maxsus dastur ishlab chiqqan. Oʻz navbatida Oʻzbekistonda ham bu kasallikka qarshi kurash boʻyicha maxsus ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda.
Qandli diabetga qarshi kurashning dastlabki qadami bu faol turmush tarzi va kerak boʻlsa, professional tarzda sport bilan shugʻullanishdir. Bunga hamyurtimiz, velosport boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi vakili Ulugʻbek Saidovning faoliyati yorqin misol boʻla oladi.
Ayni payt jahon arenalarida oʻz omadini sinab koʻrayotgan vakilimizda ham qandli diabet hastaligi aniqlangan. Hamyurtimiz yuqorida keltirilgan shiorga rioya qilgan holda velosport bilan professional shugʻullana boshladi. Keling, bu haqida batafsil toʻxtalib oʻtamiz.
Novo Nordisk – bu ayni vaqtda jahonda diabetga chalingan (1-daraja) professional velopoygachilardan tashkil topgan yagona jamoa. Diabet bilan ogʻrigan Ulugʻbek Saidov 2019 yil mazkur jamoa bilan professional shartnoma imzoladi. 22 yoshli spotchimiz Osiyo qitʼasi vakillari orasida mazkur jamoa bilan ishlayotgan ilk sportchi boʻldi. Hozirda yana bir hamyurtimiz Dmitriy Ponktarov ham mazkur jamoaga aʼzo.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekistonda mutaxassis Ruslan Useynov rahbarligida «Queen Sport Cycling» sport dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, unga qandli diabetning birinchi darajasi bilan ogʻrigan bemorlar jalb qilinadi. Ulugʻbek Saidov ham mazkur dasturning ajralmas qismidir.
Ulugʻbek 15 yoshida “Novo Nordisk” bazasiga olib kelingan va 2013-2014 yillar oraligʻida ushbu jamoaning yoshlari tarkibida sinovdan oʻtdi. Saidov oʻz mehnati va shijoati sabab mazkur kasallik yuzaga keltiradigan alomatlarga chap berib kelmoqda. Uning «Team Novo Nordisk» jamoasi bilan 2014-2017 yillar oraligʻida ishlagani kasallik bilan kurashishda asosiy himoya boʻlibgina qolmay, professional sportchi boʻlib yetishishiga zamin yaratdi. Ulugʻbekning oʻzi bular haqida shunday deydi:
– Men professionallar orasiga kirishga harakat qildim. AQSHning bunday mashhur jamoasida harakat qilgan ilk oʻzbekistonlik vakil ekanimdan faxrlanaman. Zimmamda qanday masʼuliyat borligini his qilaman. Soʻnggi bir necha yillar professional faoliyatga oʻtishim diabetga qarshi kurashishimda muhim rol oʻynadi. Dastlabki ikki yil juda qiyin boʻlishini bilardim. Shunday boʻlsa ham, har bir kichik detallargacha ahamiyat berib, oʻz ustimda ishlashga harakat qildim. Bu yoʻlda menga yordam bergan barchaga oʻz minnatdochiligimni bildiraman.
Fil Sazerland («Team Novo Nordisk» jamoasi asoschisi):
– Bir necha yildan beri oʻzbek sporti va Ulugʻbekning oʻsib borishini kuzatib bormoqdaman. U Oʻzbekistonda qandli diabet bilan ogʻrigan barcha bemorlarga ilhom manbayi boʻladi. Ishonamizki, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan «Queen Sport Cycling” dasturi millionlab insonlar qalbiga umid va ishonch bagʻishlaydi. Diabet – bu hukm emas.
Maʼlumot uchun, “Novo Nordisk” Xalqaro velosportchilar ittifoqining professional jamoasi maqomida va 2021 yil nufuzli “Tur de Frans” musobaqasida ishtirok etish huquqiga ega. Shu tariqa Ulugʻbek Saidov Jamoliddin Abdujabborov, Rafael Nuriddinov va Sergey Lagutindan soʻng mazkur nufuzli turnirda ishtirok etadigan navbatdagi oʻzbekistonlik velosportchi boʻlishi mumkin.
Ulugʻbek Saidov mazkur oyda «Tour of Columbia» turnirida ishtirok etadi. Musobaqa yakuniga yetgach Turkiyada yigʻin oʻtkazadigan asosiy terma jamoamiz tarkibiga borib qoʻshiladi. Hamyurtimiz mart oyida Malayziyada oʻtadigan Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Matbuot markazi