QARZDORLIK KEChILDI, ISH JONLANDI

0
159
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni biznesni rivojlantirishdagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirish, mamlakatda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadini oʻzida mujassam etgan.

Ushbu farmonga asosan 2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslarga va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (shu jumladan, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlarga, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanganligi uchun bir yillik qatʼiy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslarga 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hollarda ularning qarzdorliklarini hisobdan chiqarish amalga oshirilishi belgilangan.

Sodda qilib aytganda mazkur hujjat bilan ayrim tadbirkorlarning davlat oldidagi qarzi kechib yuborildi. Bu esa, oʻz navbatida harakatdan toʻxtagan, badiiy tilda ifoda etadigan boʻlsak, «soʻlib» qolgan subyektlarning qayta jonlanishiga zamin yaratdi.

Bevosita soliq idoralari sayʼ-harakatlari bilan 309 ta tadbirkorlik subyektlarining faoliyati qayta tiklandi. Ularning 4 846,3 million soʻmlik qarzdorligidan oʻtildi. Bundan tashqari, davlat soliq xizmati organlarida hisobda turmasdan, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan 7600 dan ortiq fuqarolarning tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi taʼminlandi. Joriy yilning 10 oyida amalga oshirilgan ishlar natijasida byudjetga qoʻshimcha 183 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlar undirilishi taʼminlandi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer uchastkalarini davlat soliq xizmati organlarida toʻliq hisobga olish va mol-mulkni kadastr qiymatidan kelib chiqib hisoblash orqali 6 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar undirilishiga erishildi. Shu bilan birga, hududlarda faoliyat koʻrsatib kelayotgan 29 ta bozor va savdo komplekslarida undiriladigan yigʻimlarni toʻliq kirim qilish hisobiga, roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslarni aniqlash va tadbirkorlarning norasmiy yollanma ishchilarini roʻyxatga olish va qoʻllanilgan moliyaviy jarimalarni undirish natijasida byudjetga qoʻshimcha daromadlar tushumi yanada kengaymoqda.

Romon ATAJONOV,

Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.