Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati koʻrib chiqildi

0
46
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy muassasalar va davlat idoralarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati boʻyicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbarining shu yil 16 fevraldagi qarori bilan bu boradagi ishlarni jadallashtirish boʻyicha dastur qabul qilingan edi. Unga koʻra, joriy yilda ijtimoiy soha va davlat idoralarida 220 megavatt quvvatli quyosh panellari oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda mutasaddilar shu boradagi ishlarning ijrosi yuzasidan axborot berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda 107 megavatt quyosh panellari oʻrnatilgan. Yirik davlat kompaniyalarida ish yaxshi ketmoqda. Lekin ijtimoiy muassasalarda natijalar hali yetarli emas.

Masalan, oliy oʻquv yurti binolarida 36 foiz, maktablarda 33 foiz, tibbiyot muassasalarida 28 foiz panellar oʻrnatilgan. Hududlar boʻyicha olganda, respublikada bu koʻrsatkich qariyb 50 foizga yetgan. Ammo Toshkent shahrida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatish darajasi rejaga nisbatan 26 foizni tashkil etmoqda.

Davlatimiz rahbari bu borada hali imkoniyatlar koʻpligini taʼkidlab, ishlarni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yaqinda Oʻzbekiston Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 4,4 milliard dollarlik, jami quvvati 4,8 gigavattga teng 11 ta quyosh va shamol stansiyalarini qurish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yigʻilishda mazkur kelishuvlar ijrosini tashkil etish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.