Germaniyaning Haydenhaym shahrida 25 yanvar kuni qilichbozlikning shpaga yoʻnalishi boʻyicha Jahon Kubogi bosqichi start oladi. Mazkur turnirda mamlakatimiz sharafini toʻrt nafar sportchi himoya qiladi.
Sportchilarimiz 22 yanvar kuni bosh murabbiy Ruslan Kudayev boshchiligida Germaniyaga joʻnab ketishdi. Safar oldidan terma jamoamiz vakillari musobaqaga koʻrilgan tayyorgarlik jarayoni haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.
Ruslan Kudayev (shpaga yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, Jahon chempionati finalchisi, Osiyo chempionati kumush medali sohibi, London Olimpiadasi ishtirokchisi):— Germaniyada Jahon Kubogi doirasidagi birinchi musobaqa boʻlib oʻtadi. Tayyorgarlikni biz oʻtgan yilning sentyabr oyidan boshlab yuborganmiz, xususan, uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida boʻldik, Yaponiya, Rossiya kabi mamlakatlarda yigʻinlar oʻtkazdik.
Bugungi kunda qilichbozlik barcha mamlakatlarda rivojlanmoqda. Osiyo mamlakatlari ham hozirda kuchli. Janubiy Koreya, Yaponiya va Qozogʻistonlik sportchilar doimiy ravishda yuqori natijalarni koʻrsatib kelmoqdalar. Biz aynan kimga qarshi kurashishimiz qurʼa tashlash jarayonida aniqlanadi va unga koʻp narsa bogʻliq.
Qilichbozlikning eng ommaviy turi shpagadir. Bu yoʻnalish barcha mamlakatlarda rivojlangan. Misol uchun, Estoniya va Qirgʻisizston kabi davlatlarda faqat shpaga yoʻnalishi mavjud. Bu holat koʻplab boshqa mamlakatlarda ham kuzatiladi”.
Musobaqa 25-27 yanvar kunlari oʻtkaziladi. Unda sportchilarimiz yakkalik va jamoaviy bahslarda oʻz omadlarini sinab koʻrishadi. Terma jamoamiz Toshkentga 29 yanvar kuni qaytib keladi.