Mamlakatimizda keyingi yillarda «Yangi Oʻzbekiston» shiori ostida ulugʻvor bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayapti. Eski turar-joylar oʻrnida yangi-yangi massivlar, osmonoʻpar binolar, tibbiy-ijtimoiy ahamiyatga ega muassasalar qurilmoqda
Jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tasarrufidagi 300 oʻringa moʻljallangan Qoʻqon “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar internat uyining yangi binosi foydalanishga topshirildi, deya saytimizga Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi Matbuot xizmati xabar yoʻllabdi.
Tadbirda Agentlik direktori A.Inakov, Qoʻqon shahar hokimi M.Usmonov, Fargʻona viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi mutasaddi rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda taʼkidlanganidek, “Muruvvat” uyida 21 yildan buyon umuman kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirilmagan. Shu bois, maskan ancha taʼmirtalab ahvolga kelib qolgandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Tibbiy ijtimoiy muassasalar moddiy texnika bazasini rivojlantirishga doir koʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2020 – 2021 yillarda qurilish rekonstruksiya kilish dasturiga kiritildi. Keng jamoatchilik vakillari hamda nuroniylarning duolari bilan boshlangan mazkur ikki qavatli, 80 oʻringa moʻljallangan binoni bunyod etish uchun 4 milliard 50 million soʻm mablagʻ sarf etildi.
Karovatlar, turfa mebellar, ohorli choyshablar, stol-stullar, shkaflar, oshxona jihozlari, muzlatgichlar, kir yuvish mashinasi, sport anjomlari, sovutish-isitish uskunalari oʻrnatildi. Vasiylikka olinganlarning sogʻligini muntazam tekshirib borish maqsadida fizioterapiya asbob-uskunalari, ultratovush apparati, oyoq uchun massajyor, yugurish yoʻlakchasi, idish tovoqlar va boshqa oshxona jihozlari harid qilindi. Maskanda yashayotgan insonlarning qiziqishlariga muvofiq turli sport toʻgaraklari tashkil etildi. Rassomchilik, milliy cholgʻular boʻyicha shugʻullanish uchun sharoitlar yaratildi.
Maskandagi reabilitatsiya boʻlimi binosiga yana qoʻshimcha 20 oʻrinli inshoot qurilib, jami 53 oʻringa moslashtirildi. Shuningdek, 120 oʻrinli madaniy tadbirlar va yigʻilishlar oʻtkazish zali, kirxona binosini qurish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning oxirigacha “Muruvvat” uyining mavjud 3 qavatli binosini kapital taʼmirlash, yozgi dam olish ayvonchasi qurish, kanalizatsiya tarmogʻini toʻliq yangilash, zamonaviy isitish qozonxonalari oʻrnatish, muassasa hududini asfalt qilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Qoʻqon “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari, zamon talablari asosida yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnika bazasining bosqichma-bosqich mustahkamlash borasida qilinayotgan saʼy-harakatlar mamlakatimizda ijtimoiy himoyatalab kishilar, nogironligi boʻlgan shaxslarga qaratilayotgan eʼtiborning amaldagi ifodasidir.
Anvar QOBILOV