Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoʻshtepa tumaniga borib, gʻoʻzani tomchilatib sugʻorish texnologiyasini koʻzdan kechirdi.
Markaziy Fargʻona yerlarida dehqonchilik qilish – mashaqqat. Ayniqsa, Qoʻshtepa tumanining qariyb 70 foiz hududi unumdorligi past yerlar. Shu sababli qishloq xoʻjaligida koʻzlangan natijalarga erishilmas edi.
Davlatimiz rahbari 2019 yilda Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida bunday maydonlarda tomchilatib sugʻorishni joriy etish boʻyicha koʻrsatma bergan edi.
Bugungi kunda “Fergana Global textile” paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan Isroilning “Netafim” kompaniyasi bilan hamkorlikda shunday loyiha amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda 215 gektar yerda tomchilatib sugʻorish joriy etildi. Buning uchun 17 ming kub metr sigʻimga ega sunʼiy hovuz qurilib, 3 ta tik quduq qazildi. 520 ming dollarlik zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatildi. Mazkur texnologiya yordamida bir vaqtning oʻzida 60 gektar paxta maydonini sugʻorish mumkin.
Samaradorlik yaxshi boʻlmoqda. Masalan, suv, oʻgʻit va yoqilgʻi sarfi ikki baravar, mexanizatsiya jarayoni toʻqqiz martaga kamaygan. Bu tizimni samarali ishlatish uchun 10 nafar yosh agronom oʻqitilgan.
Prezidentimiz tomchilatib sugʻorish jarayonini koʻzdan kechirib, mutaxassislar bilan muloqot qildi.
– Bu hududning tuprogʻi qumloq, suv doim tanqis. Lekin avvallari bu yerda ham boshqa joylar bilan bir xil ish uslubi boʻlgan. Shuning uchun tumanda qishloq xoʻjaligi rentabel emasdi. Masalan, paxtadan 10-12 sentner hosil olinar edi. Mana, bu yil 45 sentner boʻlishi kutilayapti ekan. Bular – ilm bilan yondashish samarasi. Qilsa boʻlar ekan-ku, – dedi Prezident.
Loyihaning ikkinchi bosqichida 1 ming 200 gektar maydonda tomchilatib sugʻorishni joriy etish belgilangan. Mutaxassislar fikricha, ushbu texnologiya ikki mavsumda xarajatlarini toʻliq qoplaydi.
Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbari ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.