Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 21 dekabr kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
“Toshkent” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Davlat rahbarlari bir-birlarini samimiy qutlab, qisqa suhbat oʻtkazdilar.
Shundan soʻng Qozogʻiston yetakchisi «Yangi Oʻzbekiston» bogʻiga tashrif buyurib, anʼanaga koʻra, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi. Qasim-Jomart Toqayev majmua meʼmoriy yechimlari hamda kompozitsiyasining mazmun-mohiyati va xususiyatlari bilan batafsil tanishdi.
Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida “Koʻksaroy” qarorgohining Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdi.
Marosim Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlarida yangi davr boshlanayotgani, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni qardosh xalqlarimizning farovonligi yoʻlida yanada mustahkamlashga qatʼiy intilishning ifodasi boʻldi.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatimizga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Toshkent shahridagi Shayx Xovandi Tohur va Toʻlabiy maqbaralarini ziyorat qildi.
Shayx Xovandi Tohur XIV asrda yashagan olim va soʻfiy, Ahmad Yassaviy taʼlimotining davomchisi boʻlgan. Insonlarni ilm-maʼrifatga, yetakchilarni tinchlik-ahillikka chorlagan valiy zot sifatida xalq xotirasida qolgan.
Shayx maqbarasi atrofi aziz qadamjoga aylangan. Xususan, XVII asrda bu yerga Toʻlabiy dafn etilgan. Qaldirgʻochbiy deb ham ataladigan bu inson qozoq elining bosh qozilaridan hamda «Jeti Jargʻi» qonunlar toʻplamining tuzuvchilaridan biri boʻlgan.
Yonma-yon joylashgan bu maqbaralar oʻzbek va qozoq xalqlari azaldan birga yashagani, qardoshu hamfikr boʻlganining yana bir dalolatidir.
Qozogʻiston rahbari maqbaralar tarixi bilan tanishdi, obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi.
Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi.
Qasim-Jomart Toqayev qardosh xalqlarimizning umumiy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilayotgan eʼtibor uchun Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildirdi.
Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida mamlakatimizda davlat tashrifi bilan boʻlib turgan Qozogʻiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev shohsupaga koʻtarildilar. Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat madhiyalari yangradi.
Faxriy qorovul boʻlinmasi boshligʻi raport bergach, davlat rahbarlari qorovul safi oldidan oʻtib, oʻzbek harbiy xizmatchilarini qutladilar va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻiga ehtirom koʻrsatdilar.
Soʻng Prezidentlar rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini bir-biriga tanishtirdi.
Birgalikda suratga tushish marosimidan soʻng davlat rahbarlari tor doirada muzokara oʻtkazish uchun moʻljallangan zalga oʻtdilar.
Qozogʻiston yetakchisining mamlakatimizga davlat tashrifi asosiy tadbirlari ertaga, 22 dekabr kuni boʻlib oʻtadi.
Oliy darajadagi muzokaralar boʻlib oʻtadi, ularning yakunida tarixiy ahamiyatga ega bitimlarning imzolanishi kutilmoqda. Birgalikda yirik investitsiya loyihalarini boshlab berish va OAV vakillari uchun brifing oʻtkazish koʻzda tutilgan.