Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, birodar Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Suhbatda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib, Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi. Shu yilning 20-21 iyul kunlari Qirgʻizistonda oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining yakunlariga yuksak baho berildi.