Qurilish va ijtimoiy sohalarda amalga oshiriladigan loyihalar haqida maʼlumot berildi

0
251
marta koʻrilgan.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-20 fevral kunlari tashrif bilan Turkiyada boʻldi. Davlatimiz rahbari Turkiyaga amalga oshirilgan samarali va sermahsul tashrifning ertasigayoq oʻz ish kunini har doimgidek qizgʻin faoliyat bilan boshladi.   Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni  Toshkent shahrida joriy yilda amalga oshiriladigan qurilish va ijtimoiy loyihalar bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Prezidentimiz tashabbusi bilan aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, odamlarning hayotdan roziligiga erishish, tibbiy xizmat va taʼlim sifatini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

2020 yilda Toshkentda keng koʻlamli bunyodkorlik loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Xususan, Bektemir tumanining “Majnuntol”,  “Bektemir”, “Oltin topgan”, “Binokor” mahallalari, Husayn Boyqaro, Ziroat koʻchalari boʻylab umumiy uzunligi qariyb 18 ming pogon metr yangi ichimlik suvi quvurlari oʻrnatilishi moʻljallangan. Buning natijasida 6,8 mingdan ortiq aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi, poytaxt boʻylab markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 100 foizga yetkaziladi.

Toshkent shahridagi “Boʻzsu” va “Salar” suv tozalash inshootlarini quvvatini sutkasiga 200 ming metr kubga oshirish rejalashtirilgan. 

Toshkent shahrida bugungi kunda 1564 koʻp qavatli uylarda aholiga 5001 ta lift xizmat koʻrsatmoqda. Mavjud liftlarning 3343 tasi muddatini oʻtab boʻlgan.  Oxirgi 4 yilda 572 ta lift yangilandi.

Prezidentimizning Uchtepa tumaniga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga muvofiq 697 ta liftni yangilash koʻzda tutilgan. Yiliga 700 tadan lift yangilansa, yaqin 5 yilda poytaxtdagi muddatini oʻtab boʻlgan liftlarning barchasini almashtirishga erishiladi.

Shuningdek, koʻp qavatli uylarga tutush hududlarni obodonlashtirish davomida 100  ta bolalar maydonchalarini qurish, 2 ta yangi avtoturargoh barpo qilish, yoʻlaklarning 100 000 metr kub  qismini beton qoplamasi bilan taʼmirlash, 10 000 pogon metr irrigatsiya tizimini taʼmirlash rejalashtirilgan. Buning uchun mahalliy byudjetdan 20,8 milliard soʻm ajratilishi belgilangan.

Toshkent shahri koʻchalarini yoritish tizimini rivojlantirish va avtoxoʻjalik texnikalarini yangilash dasturlari amalga oshiriladi. Umumiy hisobda 1,047 ming kvadrat metr yoʻllar taʼmirlanadi.

Joriy yilda Bektemir, Olmazor, Shayxontohur, Yashnobod tumanlarida yangi maktabgacha taʼlim muassasalari qurish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Bektemir va Yashnobod tumanlarida maktab, Sergeli tumanida koʻp tarmoqli shifoxona, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida oilaviy poliklinika, Sergeli va Olmazor tumanlarida yangi madaniyat markazlari qurilishi belgilangan

Prezident Shavkat Mirziyoyevga ana shu loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi.  

 

Davlatimiz rahbari loyihalarning samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Ularning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shuningdek, joriy yil Tokioda boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish masalalari boʻyicha ham davlatimiz rahbariga batafsil maʼlumot berildi.

Jumladan, Olimpiadada ishtirok etadigan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi uchun maxsus kiyimlar jamlanmasi dizayni taqdim etildi.

Olimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz milliy ramzlari uygʻunlashgan sport liboslari va ekipirovkalari eskizi boʻyicha avvalroq tanlov eʼlon qilingan edi. Tanlovda korxonalar dizaynerlari, yakka holda ijod qiluvchi havaskor va professional dizaynerlar ishtirok etdi. Taqdim etilgan barcha eskizlar hayʼat aʼzolari tomonidan koʻrib chiqilgan va tanlovda shaffoflik kafolatlangan.

Davlatimiz rahbari tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan yurtimiz sportchilari va sport ishqibozlari uchun liboslar dizayni va eskizlari yuzasidan oʻz tavsiyalarini bildirdi. Shuningdek, Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiadaga juda katta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha mutasaddilarga aniq vazifalarni belgilab berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.