Quyoshli qalamdan quyoshli olam

0
861
marta koʻrilgan.

Bahorning ilk kuni. Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim Isroilova tavalludining 104 yilligiga bagʻishlangan adabiy-badiiy tadbir munosabati bilan fayzli Adiblar xiyoboni otashnafas shoiraning yaqinlari, safdoshlari, shogirdlari, izdoshlari bilan  yanada gavjum, yanada tarovatli boʻldi.  Shoira haykali poyida turfa  gullar barq urib ochilgan. Bahoriy kayfiyatlari, milliy liboslari oʻziga yarashgan Zulfiyaxonim qizlari saf tortib bir- biri bilan bellashayotgandek oʻzbek xalqining ardoqli shoirasi sheʼrlarini  shivirlab takrorlashmoqda.

Salqin saharlarda, bodom gulida,

Binafsha labida, yerlarda bahor,

Qushlarning parvozi, yellarning nozi,

Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Tadbirni Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari, shahar xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilbir Najmiddinova kirish soʻzi bilan boshlab berdi. U “Yurtimizda 1999 yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etilgani shoira ijodiga ulkan ehtiromning ifodasi boʻldi”, deya taʼkidladi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova  oʻz chiqishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda ijod ahliga eʼtibor hamda xotin-qizlarga ehtirom koʻrsatish, ularning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish yoʻlidagi samarali ishlar, jumladan,  Zulfiyaxonimning sevimli sheʼriyati, izdoshlari haqida  soʻz yuritdi. 

Tadbirda ishtirok etgan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etilgani yurtimizda xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi faolligini yuksaltirishga, iqtidorli qizlarni yangi-yangi marralarga chorlovchi omilga aylanganini eʼtirof etib, ushbu mavzuga bagʻishlangan sheʼrini oʻqib berdi:

Qancha yashashini bilmaydi inson,

Bir kun osmonlarga uchib ketgay jon.

Charxga meros dilning toza soʻzlari –

Zulfiya momoning suluv qizlari.

 Munisa yaproqlar neʼmatdir beshak,

Bunda toshlarni ham tushunmoq kerak.

Goh jannat, goh doʻzax Haqning roʻzlari,

Zulfiya momoning suluv qizlari.

Bunda har gul aytar sohib chiroyman,

Baʼzan yulduzlarga qarab oʻylayman.

Bu koʻkning charaqlab turgan koʻzlari –

Zulfiya momoning suluv qizlari.

Bilgin-ey, yolgʻonning davroni bekor,

Nozik dillarga bir Toʻmaris darkor.

Ozodlik koʻngilning nurli kezlari,

Zulfiya momoning suluv qizlari.

Mahkam tut, qoʻlingda quyoshli qalam,

Quyoshli qalamdan quyoshli olam.

Oʻchmasin Zulfiya momo izlari,

Zulfiya momoning suluv qizlari.

Shuningdek  tadbirda ijodkorlar Zulfiya Moʻminova va Farogʻat Xudoyqulova shoira  ijodi, faoliyati, fazilatlari, abadiyati haqida sheʼriy bagʻishlovini oʻqib berishdi. Zulfiyaning nabirasi Lola Muhiddinova milliy adabiyotimiz ravnaqi yoʻlidagi cheksiz eʼtibor va gʻamxoʻrlik ijod ahlini yanada samarali mehnat qilishga chorlayotganini taʼkidladi.

Zulfiyaxonim qizlari vafo va sadoqat kuychisi timsoliga aylangan shoiraning eng sara sheʼrlaridan namunalar oʻqishdi, qoʻshiqqa aylangan sheʼrlarini dutor chalib kuylashdi.

 Tadbir soʻngida oʻzbek xalqining sevimli shoirasi haykali poyi gullarga burkandi.

Shuningdek, 1 mart kuni mohir adabiyotshunos olim, Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharofiddinov xotirasi ham yod etildi. Tilovot qilindi. Adiblar xiyobonidagi haykali poyiga  gullar qoʻyildi.

R. Zaripova

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.