Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi yurtimizdagi iqtidorli, yetakchi, jamoat ishlarida faol bolalar orasidan sardorlar tayyorlashga alohida eʼtibor berayapti.
Mamlakatimizda bugungi kunda 1 million 836 ming nafar sinf sardorlari, 1 million 733 ming nafar maktab sardorlari, 3 ming 492 nafar tuman va shahar va tuman sardorlari hamda 252 nafar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, va Toshkent shahar sardorlar Kengashi aʼzolari faoliyat yuritmoqda. Ularning 18 nafarini Respublika sardorlar kengashi aʼzolari tashkil etadi.
Toshkent shahrida 6-noyabr kuni Respublika sardorlar forumi doirasida Respublika sardorlar saylovi boshlandi. 9-noyabrga qadar davom etuvchi saylovda hududlardagi 14 nafar “Ittifoq” va 14 nafar “Kamalak” bosh sardorlari oʻzaro kuch sinashadi. Saylov doirasida sardorlar va hududiy “Kamalak” bolalar tashkiloti raislari uchun bir kunlik seminar-trening tashkil etiladi.
«Yoshlar ijod saroyi» da Respublika Sardorlar forumining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda “Kamalak” bolalar tashkiloti raislari, Respublika “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari, hududlardagi “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari, boshlangʻich tashkilot yetakchilari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Saʼdullayevlar soʻzga chiqishdi.
– Bugun «Kamalak» Respublika sardorlar forumi boʻlib oʻtdi. Unda millionlab oʻquvchilar orasidan saralab olingan, tengdoshlariga oʻrnak va yetakchi boʻlishdek masʼuliyatli vazifaga loyiq topilgan bolalar ishtirok etdi. Ushbu tadbirda soʻzga chiqib, sardorlarni tashabbuskor, fidoyi, ijodkor boʻlishga, qiyinchiliklardan qoʻrqmasdan faqat olgʻa harakat qilishga chaqirdim. Omad yor boʻlsin ukajonlar va singiljonlar, sizlarga muvaffaqiyat tilayman! – deydi FBdagi sahifada Saida Mirziyoyeva.
J. Saʼdullayev tayyorladi.