Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktori Hofiza Karimova Oʻzbekiston delegatsiyasi vakili sifatida Hamdoʻstlikning ikkinchi kitobxonlik Assambleyasi ishida faol ishtirok etdi.
Assambleya Rossiya kitoblar Ittifoqi tomonidan tashkil etilib, 2022 yil 12-14 sentyabr kunlari Moskva politexnika universiteti negizida oflayn va onlayn shaklda boʻlib oʻtdi. Unda davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari, tijorat tuzilmalari vakillari (noshirlar, kitob sotuvchilari va boshqalar), yozuvchilar, kutubxonashunoslik sohasi mutaxassislari, Rossiya va MDH mamlakatlaridan tarjimonlar ishtirok etdilar.
Tadbirda Hamdoʻstlik mamlakatlarida kitob nashr etish, kutubxonashunoslikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, dolzarb mavzulardagi eng yaxshi amaliyot va tajriba yoritildi, kitob sanoati va kutubxona sohasini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari hamda dolzarb muammolarga yechim izlandi.
Hamdoʻstlikning ikkinchi kitobxonlik Assambleyasining faoliyati kitob nashr etish, kitob tarqatish, kutubxonachilikning turli yoʻnalishlari boʻyicha toʻrtta boʻlim ishini oʻz ichiga olgan: «Yoshlar boʻlimi – loyiha intensivligi», «Noshirlar, yozuvchilar, tarjimonlar», «Kitob oʻqish infratuzilmasi: eng yaxshi tajriba va resurslarni birlashtirish», «Kutubxonalar. Taʼlim. Raqamli transformatsiya».
«Kutubxonalar. Taʼlim. Raqamli transformatsiya» boʻlimida Toshkent shahar «Bilim» AKM direktori H.Q. Karimova “Oʻzbekiston Respublikasining axborot-kutubxona tizimi: rivojlanish holati va istiqbollari» mavzusidagi taqdimoti bilan soʻzga chiqib, ishtirokchilarga Oʻzbekiston kutubxonasi sanoatining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etdi. Yalpi Majlis doirasida Assambleya boʻlimlari faoliyati ham sarhisob qilindi.
Oʻzbekiston kitob sanoati va kutubxona sohasi mutaxassislarining nufuzli xalqaro tadbirda ishtirok etishi ushbu sohalarni yanada rivojlantirish va takomillashtirishga salmoqli hissa qoʻshadi.
S. Xudoyberdiyeva, Toshkent shahar «Bilim» AKM direktor oʻrinbosari