27 may kuni Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif qildi. Davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.
Birgalikda suratga tushilgandan soʻng, Koʻksaroy qarorgohida davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilish qatʼiyligini tasdiqladilar.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, Rossiya Prezidenti qayta saylanganidan soʻng ilk xorijiy tashriflaridan birini aynan Oʻzbekistonga amalga oshirayotganini alohida taʼkidladi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida parlament aʼzolarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, «Innoprom» koʻrgazmasi, ikki mamlakat yetakchi muhandislik-texnik oliy oʻquv yurtlari rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining anjumanlari samarali oʻtgani, Toshkentda Rus sanʼati haftaligi tadbirlari davom etayotgani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning oʻsib borayotgan surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va Rossiyadan investitsiyalar hajmi koʻpaymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda. Qoʻshma loyihalar portfeli 45 milliard dollarni tashkil etdi.
Yetakchi korxonalarning qoʻshma loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qoʻshma investitsiya platformasini ishga tushirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, yetakchilar energetika, shu jumladan atom energetikasi, qishloq xoʻjaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Koʻp qirrali madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanayotganiga yuqori baho berildi. Tashrif davomida Madaniy hamkorlik dasturi qabul qilinadi.
Taʼlim va muhandis kadrlarni tayyorlash sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.