«Oʻzekspomarkaz»da tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi hududlararo hamkorlik I forumi tafsilotlari “Rossiya 24” telekanali muxbirlari tomonidan ham tezkor uzatilmoqda.
– Soʻngi ikki yil ichida oʻtkazilayotgan keng qamrovli oʻzgarishlar, mamlakatingiz bilan yurtimiz oʻrtasidagi hamkorlik tadbirlari tufayli Oʻzbekistanda koʻp boʻlmokdamiz, – deydi Markaziy Osiyo boʻyicha “Rossiya 24” telekali maxsus muxbiri Robert Fransev. – Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanayotganidan mamnunman. Bu jarayonlarni telekanalimiz orqali yoritishdan sira charchamaymiz. Oʻtkazilayotgan hamkorlik forumi koʻplab jabhalarni qamrab olgani bilan ham betakrorlik kasb etadi. Telekanalimiz orqali ikki mamlakat vakillari, ishbilarmon doiralari oʻrtasida Rossiya hududlarining eksport salohiyati, eksportyor kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlashda Oʻzbekiston va Rossiya davlat idoralarining oʻrni, Oʻzbekistondagi yangi iqtisodiy zonalar istiqbollari, xorijiy investitsiyalar sohasi qonunchiligini takomillashtirish kabi masalalarga oid jarayonlarni uzatib bordik. Jurnalistlar uchun yaratilgan maxsus matbuot markazida boshqa OAV xodimlari bilan doʻstona muloqotga kirishganmiz. Bu jurnalist uchun oʻziga xos maktab vazifasini ham bajaradi. Zamonaviy tartibda qulayliklar yaratilgani uchun tashkilotchilardan minnatdormiz.