16-18 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida karate boʻyicha nufuzli «Karate 1-Premier League » musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Turnirda ishtirok etgan sportchilarimiz ichida -60kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Sadriddin Saymatov bronza medalini qoʻlga kiritdi. Sportchimiz dastlabki jangida Janubiy Koreya vakili Ji Xvan Lini 6:2 hisobida, keyin malayziyalik Sentxil Kumaran Selvarani faollik evaziga (0:0), uchinchi jangda ispaniyalik Matias Gomes Garsiyani 2:0 hisoblarida magʻlubiyatga uchratdi.
Yarim final jangida esa afsuski, turkiyalik Samdan Yeray faollik evaziga hamyurtimizni magʻlub eta oldi (0:0).
Bronza medali uchun kechgan jangda Sadriddin Marokash terma jamoasi aʼzosi Abessalam Ameknassidan 4:3 hisobida ustun keldi va musobaqa sovrindorlari qatoridan joy oldi.
Eslatib oʻtamiz, Sadriddin 2017 yilgi ushbu turnirda oltin medalni qoʻlga kiritgandi. Bu yil hisobida esa u Parijdagi musobaqada bronza medali sohibiga aylangan.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Matbuot xizmati