“Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni” munosabati bilan sportning yunon-rum kurashi turidan 2009-2011 yilda tugʻilgan oʻsmirlar va undan kichik yoshdagi bolalar oʻrtasida xalqaro bellashuv boʻlib oʻtdi.
Musobaqa 2021 yil 18- dekabr kuni Toshkent shahri Mirobod tumani “Lokomotiv” MJSM kurash zalida oʻtqazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi va yaqin xorij shaharlari va viloyatlarining sport tashkilotlari sportchilari ishtirok etdi. Jumladan, Qozogʻiston va Qirgʻiziston mamlakatlaridan kelgan sportchilar ham qatnashdi.
Toshkent shahar oliy maxorat sport maktabining murabbiysi, Toshkent shahar terma jamoasining katta treneri, yunon-rum kurashi sport ustasi Rustam Shaydullin shunday deydi:
– Tadbir pandemiya talablariga mos ravishda tashkil etildi. Covid -19 pandemiyasi bilan bogʻliq holda, barcha musobaqa ishtirokchilari tibbiy niqobda boʻlishi taʼminlandi. Tomoshabinlar va ota-onalarning ishtiroki qatyan taqiqlandi. Musobaqada faqat hakamlar, murabbiylar va sportchilar ishtirok etdi. Har bir tashkilotdan 15 nafar ishtirokchi 1 nafar hakam va trener-oʻqituvchi ishtirok etishiga ruhsat etildi. Musobaqa 15 tur vazn toifalaridagi bolalar oʻrtasida oʻtkazildi. Barcha vazn toifalari uchun 1kg gacha ruhsat etildi. Bir yil ichida rasmiy ravishda 4 ta kubok, 4 ta chempionat oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Ushbu bellashuv bu yilga rejalashtirilgan oxirgi tadbir boʻldi. Bellashuvlarda mashgʻulotlarimizning natijadorligi koʻrinadi. Chunki, mashgʻulot rejasining tartibi – yillik, oylik, xaftalik va kunliklarga boʻlingan. Ustozu shogirdlarning quvonchi tashkilotimizning quvonchidir. Tadbirimiz koʻngilli oʻtdi. Har bir vazn toifadagi gʻolib va sovrindorlar I, II va III darajali medal va diplom bilan taqdirlandilar,
Toshkent shahar Paxtakor sport saroyida yunon –rum kurash zalida 7 ta murabbiy mashgʻulot olib boradi. Oʻzbekiston sport kurashlari Assotsiatsiyasi qoshidagi Paxtakor sport saroyida yunon-rum kurashi boʻyicha murabbiylari, sport ustalari aka -uka Ziyodulla va Xayrulla Abdullayevlar shunday deydi:
– Paxtakor sport saroyidagi yunon –rum kurash zalidagi murabbiylarning guruhlarida 10-12 nafar yosh sportchilar ishtirok etmoqda. Bellashuvlar biz uchun bayramga aylanadi. Shuningdek, har bir bellashuv oldidan katta masʼuliyatni his qilamiz. Chunki, mehnatimizning, mashgʻulotlarimizning natijasini shu yerda koʻramiz. Shogirdlarimizning gʻalabasi – bizning ustozlik darajamizni belgilab beradi. Shuning uchun har bir oʻsmirdan katta umidlar kutamiz va shunga harakat qilamiz. Bu safargi bellashuvda oltita diplomni qoʻlga kiritdik. Hamisha bellashuvlarda shogirdlarning yuzi — koʻzidagi quvonchni koʻrganimizda dilimiz yorishadi.
Ustoz-u shogirdlarga kelgusi saʼy-harakatlarida, mamlakat bayrogʻini xalqaro sport maydonlarida baland koʻtarishlarida omadlar tilab qolamiz.
Javlon SAʼDULLAYEV, GUJUM.UZ muxbiri