Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi D.Najmuddinova tomonidan tasdiqlangan “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni”ga bagʻishlab Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi sovrini uchun Toshkent shahri ayollari oʻrtasida voleybol, stol tennisi, suzish, shaxmat va shashka kabi sport turlari boʻyicha musobaqalarning Nizomi asosida Sergeli tumanidagi 55-sonli umumtaʼlim maktabining sport zalida musobaqalar oʻtkazildi.
Tadbirdan koʻzlangan maqsad xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ularni ommaviy tarzda sport turlari bilan shugʻullanishlarini tashkil etish, ayollar oʻrtasida sport musobaqalarini oʻtkazishni anʼanaga aylantirishdir. Shuningdek, Toshkent shahri miqyosida oʻtkaziladigan musobaqalarda tuman sharafini himoya qiladigan xotin-qizlarni va jamoalarni aniqlash boʻldi.
Tadbirda Toshkent shahar va tuman Xalq deputatlari Kengashi deputatlari, tuman xokimligi, xalq taʼlimi boʻlimi, jismoniy tarbiya va sport boʻlimi, Yoshlar Ittifoqi va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari xamda taʼlim hamda maktabgacha tarbiya, sogʻliqni saqlash muassasalari xotin-qizlari ishtirok etdilar.
Sport musobaqalari boshlanishidan avval Vatanimiz madhiyasi yangradi, soʻngra Sergeli tumani xotin-qizlar qoʻmitasi raisi A.Sattarova oʻtkazilayotgan musobaqaning maqsad hamda vazifalarini tushuntirib oʻtdi. A.Sattarova oʻz soʻzida xotin-qizlarni sport turlari bilan shugʻullanishlarini targʻib etish, mahallalarda oʻzaro musobaqalarni doimiy ravishda oʻtkazib borish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi. Shuningdek, sport turlari boʻyicha 1-oʻrinni egallagan xotin-qizlar va jamoalar Sergeli tumani shaʼnini Toshkent shahar miqyosida oʻtkaziladigan musobaqalarda himoya qilishini bildirdi. Shundan soʻng jamoalar oʻrtasidagi bellashuvni voleybolchi qizlar boshlab berishdi.
Musobaqalarni qiziqarli oʻtishini taʼminlash maqsadida deputatlik guruhi aʼzolari ham stol tennisi boʻyicha bellashdilar.
Hayotxon QOʻChQOROVA, Sergeli tumani Xalq deputatlari Kengashi deputati