Xorazm viloyatida “Serjantlar forumi” doirasida Shimoli-Gʻarbiy Harbiy okrug qoʻmondonligi, viloyat hokimligi, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi hamkorligida “Boshlangʻich boʻlimlarda mustahkam harbiy intizomni saqlash va sogʻlom axloqiy-ruhiy muhitni qaror toptirish masalalarida serjantlar tarkibining rolini oshirish” mavzusida forum oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning asarlari hamda Jumaboy Rahimovning “Vatanning sheryurak bahodiri” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Shimoli-Gʻarbiy Harbiy okrug qoʻmondoni oʻrinbosari A.Sharipov, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi D.Bekchanova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari G.Ibadullayeva soʻzga chiqib, ishtirokchilarni samimiy tabrikladilar. Toshkent axborot texnologiyalari Urganch filiali katta oʻqituvchisi Atabek Safarbayev “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev asarlari-buyuk istiqbolimiz koʻzgusi”, Urganch davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Qudrat Masharipov “Jaloliddin Manguberdi-nafaqat Xorazmning, butun Oʻzbekistonning faxri-gʻururi” mavzularida maʼruza qildi.
Tadbir doirasida “Kitobxon harbiy” aksiyasi oʻtkazildi. Gʻoliblarga tashkiolotchilar tomonidan kitoblar sovgʻa qilindi. Shuningdek, “Xorazm” nashriyoti tomonidan nashrdan chiqqan “Xorazmlik ijodkorlarning vatanparvarlik gʻoyalari tarannum etilgan yangi kitoblari” taqdimoti va “Isteʼdodim, ijodim Senga baxshida, Vatan!” mavzusida yosh isteʼdodlarning mushoirasi oʻtkazildi.
Savol-javoblar, ishtirokchilarning fikr-mulohazalari bilan tadbirga yakun yasaldi. Forum doirasida kitob savdolari ham tashkil qilindi.
Xorazm viloyati matbuot va axborot boshqarmasi matbuot xizmati