Sertifikat berish tizimi – protez-ortopediya mahsulotlari va  reabilitatsiya texnik vositalarini bepul olish va tanlash huquqi

0
394
marta koʻrilgan.

Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda yer yuzida 1 milliarddan ziyod imkoniyati cheklangan kishilar istiqomat qiladi.

Tahlilchilarning fikricha, ayrim mamlakatlarda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlariga amal qilinmaydi. Imkoniyati cheklangan kishilarning ishga joylashishi, taʼlim olishi bilan bogʻliq muammolar nafaqat qashshoq respublikalarda, balki iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatilayotgani esa hech birimizga sir emas.    

Mamlakatimizda esa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, soʻnggi toʻrt yilda bu masala davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqi hamda manfaatlarini himoya qilish, ularning turmush darajasini yaxshilash, pensiya taʼminoti va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan bir qator huquqiy normativ hujjatlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Ayniqsa, 2021 yil 16 yanvardan kuchga kirgan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida shu davrga qadar amalda boʻlgan, yaʼni 2008 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda mavjud boʻlmagan qator imtiyoz va imkoniyatlar nazarda tutildi.

Jumladan, milliy qonunchilikda mavjud boʻlmagan “nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish”, “nogironligi boʻlgan shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari”, “protez-ortopediya buyumlari”, “abilitatsiya”, “surdotarjima”, “surdotexnik vositalar”, “tiflotexnik vositalar” kabi yangi tushunchalar hamda “nogiron” soʻzi BMTning Nogironlar huquqlar toʻgʻrisidagi konvensiyasiga muvofiq “nogironligi boʻlgan shaxs” soʻzlari bilan aks ettirildi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarni kamsitishning har qanday shakliga, shu jumladan, nogironlik belgilariga nisbatan kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb etish va qoʻshish, taʼlim olish hamda ishga joylashish imkoniyatlarini taʼminlash, nogironligi boʻlgan shaxslarning madaniy hayotda ishtirok etishi, dam olish va sport bilan shugʻullanish imkoniyatini yaratish, nogironlik belgilashni takomillashtirish, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish kabi boshqa huquq va majburiyatlar kiritildi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat hamda davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida toʻla huquqli tarzda ishtirok etishini taʼminlash belgilandi. Zamonaviy protez-ortopediya buyumlarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida reabilitatsiya qilish industriyasini rivojlantirish davlatning doimiy nazoratida boʻlishi ham mustahkamlandi.

Mazkur Qonun asosida davlat zamonaviy protez-ortopediya moslamalarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida reabilitatsiya qilish industriyasini rivojlantirishga koʻmaklashadi. Protez-ortopediya mahsulotlarining va reabilitatsiya qilish texnik vositalarining davlat reestri (roʻyxati), bunday vositalar bilan taʼminlash tartibi, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash uchun tibbiy koʻrsatmalar va qarshi koʻrsatmalar roʻyxati belgilangan tartibda aniqlanadi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarga doir majburiyatlarni moliyalashtirish, shu jumladan ularni tayyorlash va taʼmirlash Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning protez-ortopediya mahsulotlari va ularni reabilitatsiya qilishning texnik vositalari uchun ushbu moddada nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirishga doir qoʻshimcha mablagʻlar qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan ham olinishi mumkin.

Hisobot davri yakunlari boʻyicha qaysi tadbirkorlik subyektining tushumi umumiy hajmining kamida oʻttiz foizi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun protez-ortopediya mahsulotlarini ishlab chiqarishdan, shuningdek ularga ortopedik protezlash xizmatlari koʻrsatishdan, ularni taʼmirlash hamda xizmat koʻrsatishdan kelib tushgan boʻlsa, oʻsha tadbirkorlik subyekti oʻzi kiritgan takliflar tanlov savdolari boshqa ishtirokchilarining takliflari bilan teng boʻlgan taqdirda xaridor tomonidan investitsiya majburiyatlarini va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki obyektlarini “nol” xarid qiymati boʻyicha realizatsiya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tanlov savdolari natijalariga koʻra kontrakt tuzishga doir ustunlikka hamda davlat mulki obyekti uchun mazkur obyektning ijara haqi stavkasi eng kam miqdorining ellik foizi miqdorida ijara haqi toʻlash huquqiga ega boʻlishi Qonunda belgilab qoʻyildi. Demak, Qonunning amaliyotga joriy etilgani Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi hamda uning hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlari, tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shoʻbalari zimmasiga juda sharafli hamda oʻta masʼuliyatli vazifalar yuklatilganidan dalolat beradi.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisidagi Farmonida ham “muhtoj aholini protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlashning amaliyotini sertifikat berish tizimiga oʻtkazib, fuqarolarga oʻz tanloviga koʻra davlat tomonidan beriladigan mablagʻlar (sertifikat) hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari sotib olish imkoniyatini yaratish” topshirigʻi belgilangan. Davlat dasturiga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy yil 1 iyungacha protez-ortopediya mahsulotlari va reablitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash “sertifikat” berish tizimiga oʻtkaziladi.

Bu ham oʻz navbatida, Agentlik qonunchilikda belgilangan faoliyati doirasida yanada salmoqli, natijadorligi yuqori boʻlgan bir qator vazifalarni bajarishi kerakligini anglatadi. Shu bois, belgilangan topshiriqlarni vaqtida ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisida»gi nizomni tasdiqlash haqida” Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Muhtoj shaxslar ishlab chiqilayotgan mazkur Nizomning 1-ilovasidagi protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shoʻbalari tomonidan “sertifikat” berish orqali taʼminlanishi belgilanmoqda. 

Fuqarolarga oʻz tanloviga koʻra, davlat tomonidan beriladigan mablagʻlar (sertifikat) hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari sotib olish imkoniyati beriladi. Bu orqali imkoniyati cheklangan insonlarimizning sarson-sargardon boʻlishi, bir qator ovoragarchiliklarning oldini oladi. Sifatli mahsulot orqali ularning ogʻiri yengil boʻladi. Bunda muhtoj shaxsning tanlash imkoniyati yaʼni fuqarolik huquqlariga asosan xohlagan ishlab chiqaruvchidan olishi eng asosiy vazifa qilib olingan. Korxonalar toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar toʻplamini alohida sayt orqali koʻrish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida raqobat muhitining yuzaga kelishi, sifatli mahsulotlarga boʻlgan talabning ortishi, xorijiy tajribalarni mukammal  oʻrganish orqali oʻzimizda mazkur tizimda yetuk va malakali  mutaxassislar safi koʻpayishiga keng yoʻl ochadi. 

Oʻrni kelganda qayd etish joizki, 2017-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy yordam va xizmat koʻrsatish, yaʼni muhtoj shaxslarga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash boʻyicha maqsadli ishlar amalga oshirildi. Nogironligi boʻlgan shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining roʻyxati 22 turdan 27 tagacha koʻpaytirildi. Protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash 47,0 mingtani tashkil etib, 2017 yilga nisbatan
2 barobarga koʻpaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu Qonunni qabul qilinishi Davlat Dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan vazifalar insonlarning nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan munosabatini oʻzgartirishga, ularning jamiyatda toʻliq va teng huquqli ishtirokini taʼminlashga, protez-ortopediya mahsulotlari bilan bogʻliq dolzarb muammolar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Ushbu yoʻnalishda joylarda mavjud boʻlgan muammolar oʻrganiladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkaziladi. Nogironlik muammolarining yechimi borasida amalga oshirilayotgan ana shunday ilmiy izlanishlarni byudjet tomonidan moliyalashtirilishi borasida asosli takliflar tayyorlanadi.

Qutlimurod Churenov, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi boʻlim boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.