Iqtisod fanlari doktori, professor Sharbat ABDULLAYEVA:
Dunyo miqyosida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda maqsadida jahonning deyardi barcha mamlakatlarida karantin eʼlon qilindi, cheklovlar qoʻyildi Bu esa eng yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarda ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlarining keskin qisqarishi, global ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi, dunyo moliya bozorlarida xomashyo tovarlari narxining pasayishi va konʼyunkturaning yomonlashuvini keltirib chiqarmoqda.
Global iqtisodiyot tizimining bir qismi boʻlgan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham mazkur omillar taʼsir qilmoqda, bu esa oʻz navbatida ushbu holatning salbiy taʼsirlarini yumshatish boʻyicha samarali oldini oluvchi choralar koʻrishni talab qiladi. “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiy tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora- tadbirlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Prezidenti farmoni qabul qilindi.
Infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, 10 trln soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 aprel kuni esa koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi
Koronavirusning iqtisodiy — ijtimoiy jihatdan taʼsirini kamaytirish maqsadida turli tadbirlar belgilanib, ijobiy qadamlar qoʻyildi. Bunday sharoitda Oʻzbekiston ichki mehnat va iqtisodiy resurslarimizdan foydalanish masalasiga koʻproq eʼtibor qaratilishi maqsadga muvofiq.
Bu iqtisodiy masalaning yana bir yechimi sifatida bizning fikrimizcha, mamlakatimizning yer boyligidan unumli foydalanishimiz maqsadga muvofiq boʻladi. Buning uchun bugungi kunda mavjud yer taqsimotini qayta koʻrib chiqish, yer bilan ishlayman degan fuqarolarimizga yer maydonlarini ajratish va ularga bozorbop qishloq xoʻjalik maxsulotlarini yetishtirish, xizmatlar koʻrsatish sohasida tanlash huquqini berish, ularning faoliyatini boshlashi va yoʻlga qoʻyishida moliyaviy va texnik jihatdan yordam berish tizimini shakllantirish lozim. Bu jarayonlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ijobiy natija berishi mumkin.
Siyosiy partiyadagi faoliyatim davomida biz baʼzi viloyatlarda fermerlar yeridan yoshlar, xotin-qizlarga vaqtincha foydalanish imkoniyatini yaratganmiz va bu ularning bandligini taʼminlash bilan birga oʻz mehnatiga nisbatan qiziqishini ortirib, daromad olishiga olib kelgan. Bu tajribaning bugungi kunda ham davom ettirilayotganligi uning davr talabiga mosligidan darak beradi. Bugungi kunda biz yer resursini samarali boshqaradigan va undan unumli foydalanadigan kichik yer egalarini shakllantirishimiz maqsadga muvofiq. Bu jarayonning yana bir muhim jihati shundaki, hozirdan aholimiz, yoshlarimizning qishloq xoʻjaligida faoliyat olib borishida ixtisoslashuvini shakllantirishimiz — ertaga Oʻzbekistonning oʻz sifatli maxsulotlari bilan jahon bozorlariga chiqishiga, mamlakatimizning YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Jahon Savdo Tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonlariga tayyorgarligiga ham zamin yaratgan boʻlamiz.
Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno ZARIPOVA: Munosabat
Sharbat ABDULLAYEVAning fikrini oʻqir ekanman, xayolimga onamning hikoyasi tushdi. Bu esa olimaning taklifini oʻylab koʻrishga chorlaydi.
ONAM JAMILA momo hikoyasi: Harakatda-barakat! Baʼzan ertangi kun ilinjida oromingni yoʻqotasan. Boshlanadigan hodisani kutib dil hapriqadi. Unga ham jismonan ham ruhan tayyorgarlik koʻra boshlaysan.
Ikkinchi jahon urushining qattol kunlari. Bahor kelib, ekin –tikin kunlari yaqinlashgan payt. Biroq, kolxoz dalalariga ekishga urugʻlik yoʻq. Gʻalabani kutib, gʻalaba ilinjida hamma narsa frontga berib yuborilgan. Davlat zahirasida ham kolxoz zahirasida ham urugʻlik yoʻq. U paytlarda kolxozda bosh hisobchi boʻlib ishlardim. Kolxoz rahbari huzuriga tashabbus bilan kirdim: Yerlarni oilalarga urush tugaguncha qaror chiqarib boʻlib beraylik, ana shunda urugʻlikni oʻzlari topadi dedim. Raisimiz keksa kishi edi. Sapchib tushdi. Davlat yerlarini xususiylashtirish, yana qaror bilan–a! Jinoyatligini bilasanmi? Chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmaydi, degan maqolni eslatdim. Elimiz odamlari ham qiynalib qoldi. El ham toʻyadi, davlat planini ham uddalaymiz, deya tashabbusimni qoʻllab-quvvatlashga koʻndirdim. Nihoyat gapimga koʻndi, oʻzingni tashabbusing, tuman va viloyat rahbarlariga oʻzing men bilan birga borib tushintirasan dedi.
Rahbarlar oldidan ham oʻtdik, yerni boʻlib berdik. Urugʻlik topildi, oʻsha yili hosil moʻl boʻldi. Maʼlum foizini oilalarning oʻzlariga qoldirib, davlat planini ham bajardik, frontga ham qoʻshimcha mahsulot joʻnatdik. Darhaqiqat davlat yerini boʻlib berish u paytlarda jinoyat edi.
Ogʻir yillarda, urush yillarida qoʻllagan tadbirimiz, mustaqillik sharofati bilan qayta amalga oshirildi. Hozir yerlarni ellik yilga xususiylashtirilib berilayotganini eshitganimda, urush yillarida vaziyatdan chiqish uchun toʻgʻri yoʻl tanlaganimizni yana bir karra his qildim. Har bir ishda elning manfaatini oʻylab ish qilish Ollohga ham, bandasiga ham xush keladi, bolalarim.
XULOSA: fermerlar yeridan tashabbuskor, yuragida oʻti bor kishilar uchun vaqtincha foydalanish imkoniyati yaratilsa, dehqon undan kecha-yu kunduz koʻz-quloq boʻlib, selga oldirmay, sovuqda soʻldirmay, puf-puflab oʻstirib, barakali hosil oladi, deb oʻylaymiz. Bundan dehqon ham quvonadi, el ham foyda koʻradi. Prezidentimiz ayni kunda chora-tadbirlardan biri sifatida kichik biznesga, hunarmandlar faoliyatiga alohida eʼtibor qaratayaptilar. Bu usul ham dehqonchilikning ustasi- hunarmandiga eʼtibor qaratish demakda.