«Sharq taronalari» xalqaro XII musiqiy festivalining yangi logotipi tasdiqlandi

0
496
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 fevraldagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida 26-30 avgust kunlari  Samarqand shahrida oʻn ikkinchi bor anʼanaviy  “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali boʻlib oʻtadi. Tashkiliy qoʻmita tomonidan  uning logotipi tasdiqlandi.

Bu yil “Sharq taronalari”  festivalida bu yil dunyoning 78 ta davlatlaridan  293 nafar  ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Festival doirasida “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya va “Eng yaxshi ijro uchun”  xalqaro koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi.

Tadbir Registon maydonida koʻrik-tanlov gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimi va ular ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlanadi.

Bu yil tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yoʻnalishda yetti kishidan kam boʻlmagan xalqaro hayʼat tomonidan baholanadi. Xalqaro hayʼat xorijiy va mahalliy musiqashunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar va bastakorlardan iborat boʻladi.  

Festivalning Gran-pri sohibiga 10 000 ming, ikkita 1-oʻringa 5 ming, ikkita 2-oʻringa 3500 ming va uchta 3-oʻrinni egallagan ishtirokchilarga 2 ming AQSH dollaridan pul mukofoti beriladi.

Shuningdek, bu yil “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholgʻu musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalarda ham gʻoliblar maxsus diplom hamda 500 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Registon maydoni atrofida respublikamiz viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakillariga ham oʻz sanʼati, madaniyati va anʼanalarini koʻrsatishlari uchun joy ajratildi. Ular bu joylarda kichik sahnalar oʻrnatishadi, milliy cholgʻu asboblari, hunarmandlik buyumlari koʻrgazmalari tashkil etadi.

Mehmonlarni kutib olish va mehmonxonalarga joylashtirish, ularga tarjimon, gid-ekskursovod ajratish, sayohatlar tashkil etish, transport xizmati koʻrsatish va boshqa xizmatlar bilan bogʻliq har bir masalaga jiddiy eʼtibor qaratilgan holda tayyorgarlik koʻrilmoqda.

 “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali  doirasida  2019 yilning 26 avgust kuni Samarqand shahrida “Moddiy va nomoddiy  madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish  strategiyasi” mavzusida  xalqaro  anjumani oʻtkaziladi.

Shuningdek, 2019 yilning 22-27 avgust kunlari  Toshkent, Termiz va Samarqand shaharlarida madaniy meros haftaligi oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu haftalik doirasida Toshkent shahrida Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha butunjahon  jamiyatining III xalqaro kongressi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy  nomidagi  Sharqshunoslik  institutida Oʻzbekistonning  yozma merosi durdonalari  koʻrgazmasi, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida “Dalvarzin oltini: Kushon  imperiyasi va uning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi”nomli koʻrgazmasi, Samarqand shahrida dunyo xalqlari  liboslarini  taqdim etuvchi “Eng yaxshi milliy liboslar” tanlovi va Termiz  shahrida  “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi” nomli  xalqaro arxeologiya  forumini oʻtkazish rejalashtirilgan.

 Ushbu xalqaro konferensiyani oʻtkazishdan asosiy maqsad moddiy va nomoddiy madaniy merosni saqlashda YUNYeSKOning tamoyillarini amalga oshirish, qadimiy madaniy merosni asrab avaylash, jahon tajribalarini oʻrganish  va madaniy meros obyektlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Sherzod Axmatov,  Madaniyat vazirligi   Axborot xizmati rahbari

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.