Shavkat Mirziyoyev buxoroliklarni oʻzining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi

0
69
marta koʻrilgan.

OʻzLiDePdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 12 oktyabr kuni Qorakoʻl shahrida buxorolik saylovchilar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Tadbirni nomzodning Buxoro viloyati boʻyicha ishonchli vakili S.Husenov ochdi.

Shavkat Mirziyoyev aholini oʻzining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid oʻnta ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan.

Nomzod kelgusi yillarda viloyat sanoatida keskin burilish davri boʻlishini taʼkidladi. Jumladan, jami 8 milliard dollarlik 5 mingta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bularning natijasida 100 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.

Qorakoʻl tumanida gaz-kimyo majmuasi barpo etish loyihasi ulardan eng yirigidir. Qiymati 2,7 milliard dollar boʻladigan ushbu zavodda yiliga 1,3 milliard kub metr tabiiy gaz qayta ishlanib, 770 ming tonna polimerlar ishlab chiqariladi.

Shuningdek, toʻqimachilik sanoatida jami 450 million dollarlik 180 ta, qurilish materiallari boʻyicha 10 trillion soʻmlik 282 ta loyiha rejalashtirilgani aytildi. Bu korxonalar va aholini energiya bilan taʼminlash uchun shamol, quyosh va issiqlik elektr stansiyalari barpo etiladi.

Qishloq joylardagi aholining asosiy daromad manbasi ziroatchilik ekanini inobatga olib, bu sohani rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shu maqsadda 8 ming kilometr kanal va kollektorlarni taʼmirlash, 126 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish rejalashtirilgan. 100 ming gektar yer meva-sabzavot yetishtirishga ajratilishi, 15 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, ochiq tanlov asosida aholiga ijaraga berilishi qayd etildi.

— Buxoro azal-azaldan tadbirkor va hunarmandlar yurti boʻlib shuhrat qozongan. Bu salohiyatni ishga solish uchun aholiga dastak boʻladigan sharoitlar yaratib, kasbga oʻrgatsak va ozgina koʻmak bersak, bemalol 90 ming aholining bandligini taʼminlasa boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu ishlarni manzilli tashkil etish uchun har bir mahallada “hokim yordamchilari” faoliyati yoʻlga qoʻyilishi moʻljallangan.

Buxoro viloyatida 829 ta madaniy yodgorlik boʻlib, 287 tasining tarixi ming yilliklarga oid. Shu bois, Buxoroda turizmni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Unga koʻra, kelgusi besh yilda viloyatda 255 ta mehmonxona, 60 ta yangi turizm yoʻnalishi tashkil etiladi. 800 dan ziyod madaniy obyektlar restavratsiya qilinadi. Ark qoʻrgʻonining yuz yil oldin vayron qilingan qismlari qayta tiklanadi. Gʻijduvonda hududlararo ulgurji savdo markazi quriladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Buxoro viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 50 trillion soʻm ajratish va jami 280 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.

Nomzod, shuningdek, uy-joy, ichki yoʻllar, muhandislik tarmoqlari qurish, tibbiyot va taʼlim sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlariga toʻxtalib oʻtdi.

Uchrashuvda saylovchilar soʻzga chiqib, nomzodning dasturi yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi. Boʻlajak Prezident saylovida Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishini taʼkidlashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.