Shavkat Mirziyoyev: Endi bu tarmoq qoʻshilgan qiymat beradigan vaqt keldi

0
93
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni kimyo sanoati tarmogʻida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlab, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha katta salohiyat bor. “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bu borada 1 milliard 355 million dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Shundan qariyb 60 million dollarlik 8 ta loyiha joriy yilda ishga tushiriladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy, Jizzax va Toshkent viloyatlarida joylashgan ushbu korxonalarda 11 turdagi yangi mahsulot oʻzlashtiriladi. Yiliga 450 milliard soʻmlik tovarlar ishlab chiqarilib, 15 million dollarlik import oʻrnini toʻldirish hamda qariyb 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Ushbu korxonalarda 260 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Bundan tashqari, ayni paytda umumiy qiymati 2 milliard 600 million dollardan ziyod boʻlgan 18 ta loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda.

Umumlashtirib aytganda, bu yilgi va istiqboldagi barcha loyihalar natijasida 3 millard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi, tarmoqning eksport salohiyati 1 milliard 300 million dollarga yetadi. Yangi korxonalarda 3 ming 500 ga yaqin ish oʻrni tashkil etiladi.

Yana bir muhim jihati, ushbu korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilganidan soʻng, tabiiy gazni chuqur qayta ishlab olinadigan yangi mahsulotlar qiymati 2 milliard 100 million dollardan oshadi. Yaʼni, qoʻshilgan qiymat 14 barobar koʻpayadi.

Kimyoviy xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar negizida talab yuqori boʻlgan tovarlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish maqsadida “Navoiyazot” va “Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 ta yirik texnologik klasterni barpo etish rejalashtirilgan.

Xususan, “Navoiyazot”da umumiy qiymati 2 milliard 600 million dollarlik 16 ta loyiha, “Fargʻonaazot”da jami 334 million dollarlik 4 ta loyiha, Qoraqalpogʻiston Respublikasida salkam 687 million dollarlik 3 ta loyiha amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish va ilm-fan oʻrtasida integratsiyani rivojlantirish masalasiga doim alohida eʼtibor qaratadi. Shu maqsadda poytaxtimizning Ulugʻbek shaharchasida ilmiy kimyo klasterini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Unga koʻra, 60 gektar maydonda maʼmuriy va oʻquv binolari, laboratoriyalar, Oʻzbekiston-Koreya ilmiy markazi, ilmiy xodimlar uchun turar joylar, yotoqxona, amfiteatr, bogʻ va quyosh elektr stansiyasi barpo etish koʻzda tutilgan. Bu yerda 8 ming nafar talaba tahsil olishi ham mumkin boʻladi.

Shuningdek, mazkur ilmiy klaster Toshkent kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Chirchiq shahridagi ishlab chiqarish laboratoriyalarini oʻz ichiga oladi.

– Kimyo sanoatiga juda katta mablagʻ berdik. Energiya samaradorligi jihatidan texnologiyalar yangilandi. Endi bu tarmoq qoʻshilgan qiymat beradigan vaqt keldi. Juda katta imkoniyatlar bor. Agar har bir yoʻnalish boʻyicha miqdorini, sifatini, narxini joy-joyiga  qoʻysak, eksport 5-6 barobar oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlari talab etayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha yangi-yangi loyihalar shakllantirish zarurligi taʼkidlandi. 

Taqdimotda kimyo korxonalaridagi davlat ulushini qisqartirish, ularni transformatsiya qilish, sohaga korporativ boshqaruv va moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish borasidagi ishlar yuzasidan ham maʼlumot berildi.

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tuzilmasini oʻzgartirish, malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan vazifalar qoʻyildi.   

Tadbirda ichimlik suvi tarmoqlari va avtomobil yoʻllari holati boʻyicha oʻtkazilgan xatlov natijalari ham koʻrib chiqildi. Bu yil 7 ming 184 kilometr quvurlar, rezervuar va nasos stansiyalari qurilib, 1 ming 106 ta mahallaga toza ichimlik suvi yetkaziladi. Natijada 4 milliondan ziyod aholining suv taʼminoti yaxshilanadi. Shuningdek, joriy yilda 16 ming 800 kilometr yoʻllar taʼmirlanishi aytib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari xalqaro tajribani qoʻllab, qurilishni arzonlashtirish, ekspluatatsiya sifatini taʼminlash, ajratilgan mablagʻlar manzilli va samarali ishlatilishini nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.