Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari amaliy safarini, anʼanaga koʻra, Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi.
Keyingi yillarda taʼmirlanib, yanada obod va goʻzal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda xalqimizga, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duoi xayrlar qilindi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻngra mamlakatimiz rahbari Angor tumanidagi «Angor Surxon gʻururi» paxta-toʻqimachilik klasteri dalasida paxta hosilini koʻzdan kechirdi.
Davlatimiz rahbari bu haqda 2018 yil yanvarda viloyatga safari chogʻida koʻrsatmalar bergan edi. Shu asosida Surxondaryoda 6 ta toʻqimachilik klasteri tashkil etildi. Ular jami paxta maydonining 67 foizdan ziyodini qamrab olgan. 2020 yilda bu koʻrsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ayni kunda 900 dan ziyod ishchi va mutaxassis mehnat qilayotgan klasterni koʻzdan kechirib maslahatlar bergach, Denov tumanidagi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi barcha harbiy qism va muassasalarining shtat turkumlari, shaxsiy tarkibi tubdan takomillashtirilmoqda.
Mazkur harbiy qism ham 2018 yildan aralash harbiy qism tarkibida faoliyat yuritmoqda. Bu yerda muddatli harbiy xizmatchilar 21 yoʻnalishda mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlanadi.
Qismda harbiy xizmatchilar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Jumladan, bir vaqtning oʻzida 500 nafardan ortiq harbiy xizmatchi amaliy va nazariy mashgʻulot oʻtash imkoni mavjud 3 qavatli oʻquv binosi, 6 ta yotoqxona, zamonaviy sport majmuasi, oshxona qurildi.
Prezidentimiz ilgari surgan Beshta tashabbus asosida mazkur harbiy qismda ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Tanishuv chogʻida shu haqda maʼlumot berildi. Xususan, oʻquv binolaridagi kompyuter xonalari, elektron kutubxonada harbiylarning zamonaviy bilim va ilgʻor koʻnikmalarni egallashi, oʻz ustida muntazam ishlashi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
Mudofaa vazirligi va viloyat harbiy-maʼmuriy sektori tomonidan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga shart-sharoit yaratish maqsadida joriy yilda qism hududidagi harbiy shaharchada 64 xonadonli 4 ta koʻp qavatli uy, nodavlat bitta maktabgacha taʼlim muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbari harbiy qismdagi sharoitlar, yangi tashkil topgan boʻlinmalar, askar va harbiy xizmatchilarning oʻquv faoliyati bilan tanishdi.
Saf maydonida Oliy Bosh Qoʻmondonga muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligiga bagʻishlangan koʻrgazmali mashgʻulotlar namoyish etildi. Prezidentimiz harbiy texnika va qurol-aslahalar namunalarini koʻzdan kechirdi.
Harbiylar bilan muloqotda Prezidentimizga Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarni zamonaviy texnika va qurol-aslaha bilan taʼminlash, qoʻshinlarning boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish, mazkur qismda jangovar va oʻquv-tayyorgarlik jarayonini avtomatlashtirishga doir loyihalar haqida maʼlumot berildi.
– Harbiylar xalqimizning maʼnaviy yetuk farzandlari boʻlishi kerak. Buning uchun shaxsiy tarkibning maʼnaviy yetukligini, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish lozim. Siz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz vorislari ekanligingizni doim his qilib, shunga munosib xizmat qilsangiz, yoshlarimiz vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat tuygʻularini sizlardan oʻrganadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident askar va ofitserlarning jangovar shayligini oshirish, yashash va dam olish sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan taʼminlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish lozimligini taʼkidladi. Buning uchun joylarda faoliyat yuritayotgan harbiy komandirlar, harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish kerakligi qayd etildi.
Harbiy qurilish tizimini takomillashtirish, askarlarning maʼnaviyatini oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.