Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Milliy universitetida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularni moddiy, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari haqida soʻz bordi.
Davlatimiz rahbari import oʻrnini bosadigan va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni koʻpaytirish, sohadagi har bir tashkilot tizimida ilmiy mahsulotlarni bozorbop qiladigan marketing tizimini tashkil qilish zarurligini taʼkidladi. Ilmiy muassasalarni kelgusi yildan toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetidan moliyalashtirishga oʻtkazish taklifi olimlar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.
Izlanuvchan olimlarni ragʻbatlantirish maqsadida ilmiy ishlanma yaratgan tadqiqotchiga doktorlik va uni amaliyotga tatbiq etgan izlanuvchiga tayanch doktorlik ilmiy darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoya tizimini joriy etish, byudjet mablagʻlari hisobidan stajyor-tadqiqotchilar institutini hamda yurtimiz biologik xilma-xilligini oʻrganadigan dala-tajriba stansiyalari tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Keyingi yillarda ilm-fan va taʼlim sohasi xodimlari izchil ragʻbatlantirilib kelinmoqda. Ilmiy xodimlarning oylik maoshlari oʻtgan yil 1 sentyabrdan oʻrtacha 25 foizga, joriy yil 1 yanvardan 20 foizga oshirilgan edi, 1 iyuldan esa yana 25 foizga koʻtariladi.
Prezidentimiz bu amaliy choralarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 1 sentyabrdan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan, taʼlim va ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan fan nomzodlarining oylik maoshlariga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haqi belgilashni taklif qildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilayotgan Yoshlar akademiyasi ham ilm-fan vakillarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ushbu akademiyaga ilmiy-innovatsion fikrlash qobiliyatiga ega boʻlgan iqtidorli talabalar va 40 yoshgacha boʻlgan olimlar, tashabbuskor yoshlar aʼzo boʻladi. Akademiyada sunʼiy intellekt, qayta tiklanadigan energiya manbalari, robot texnikalari va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellashtirish kabi yoʻnalishlarda ish olib boriladi.
Shavkat Mirziyoyev olim va pedagoglarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi.
Xususan, Talabalar shaharchasi hududida professor-oʻqituvchilar, yosh tadqiqotchilar uchun 6 ta koʻp qavatli uy va barcha sharoitlarga ega universal sport majmuasi qurish boʻyicha topshiriq berdi. Shuningdek, shaharchada Yoshlar bogʻi, yozgi tomoshalar maydonchasi, «kitob-kafe»lar, Wi-Fi zonalarini tashkil etish va obodonlashtirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Shu yerda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti ilmiy-pedagogik faoliyati va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid rejalar taqdimoti oʻtkazildi. Besh yillik kompleks dastur ishlab chiqib, universitet faoliyatini rivojlantirish va xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallashini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Universitet qoshidagi litseyni tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirish, yetuk mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoj tobora kuchayib borayotganini inobatga olib, universitetda yangi fakultetlar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
— Isteʼdodli yoshlarni izlab topish va ularni maqsadli tarbiyalash borasidagi ishlarni kuchaytirish kerak. Ilmni, tarbiyani toʻgʻri qilsak, hamma sohalarni malakali mutaxassislar oʻzlari rivojlantiradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.