Shavkat Mirziyoyev mebelsozlik majmuasini borib koʻrdi

0
138
marta koʻrilgan.

Davlat rahbari Fargʻona viloyati Buvayda tumanida qurilgan mebelsozlik majmuasini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Buvaydada koʻpchilik usta duradgor. Oilalar oʻz uyida eshik-romlar tayyorlab sotadi. Ularning mahsulotlari Fargʻona vodiysidan tashqari Toshkent shahri, uzoq viloyatlargacha yetkazib beriladi.

Lekin hovlida sharoitlar yetishmasdi. Ob-havo, shovqin noqulaylik tugʻdirardi. Buvaydalik hunarmandlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahallada mebelsozlikka ixtisoslashgan majmua barpo etildi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Bir qavatli binolarda ishlab chiqarish ustaxonalari, ikki qavatli binolarda savdo, koʻrgazma va maishiy xizmat xonalari joylashgan.

Prezidentimiz yangi binoda ish boshlagan hunarmandlar bilan suhbatlashdi.

— Bular bu kunga mashaqqat bilan kelgan. Endi har kuni ishlashga ham tayyor. Faqat buning uchun barqaror xomashyo va bozor kerak. Davlat shu jihatdan yordam bersa, hunarmandlarning ishi yurishadi, shogirdlari koʻpayadi, daromadi oshadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda mebelbop daraxtlar yetishtirish, qayta ishlangan yogʻoch mahsulotlar tayyorlashni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki bozordan tashqari Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻizistonga eksport qilish rejalashtirilgan. Majmua toʻliq ishga tushgach, 3 ming 700 dan ziyod kishining bandligi taʼminlanishi moʻljallangan.

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.