Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida 21 mart kuni Navroʻz bayrami shodiyonasi boʻlib oʻtdi.
Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari koʻp millatli xalqimizni Navroʻz bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.
– Oʻtgan yili pandemiya tufayli Navroʻz bayramini har doimgidek katta tantana qilib, keng nishonlay olmagan edik. Oʻshanda, bu tashvishli kunlar albatta ortda qoladi, hali koʻp toʻy-tomosha va sayillarni xalqimiz bilan birgalikda oʻtkazamiz, deb ezgu niyat qilgan edik. Bugun ana shu orzu va intilishlarimiz roʻyobga chiqmoqda. Goʻzal va jonajon yurtimizda yana shodiyonalar, quvonchli kunlar boshlanmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz koronavirus balosi hali toʻla bartaraf boʻlmaganini, shuncha mehnat zoye ketmasligi uchun pandemiyaga qarshi kurashishni bir lahza ham toʻxtatmaslik, beparvolik va begʻamlikka berilmaslik kerakligini taʼkidladi.
– Bizning kuchimiz – birlik va ahillikda, bizning qudratimiz – mehr-oqibat, oʻzaro koʻmak va saxovatda, bizning yutugʻimiz – ertangi kunga boʻlgan yuksak ishonchimizda, – dedi Prezident.
Bu yilgi Navroʻz Vatanimiz mustaqilligining qutlugʻ 30 yilligida oʻtmoqda. Xalqimiz bu ayyomni baland kayfiyat bilan kutib olmoqda.
— Navroʻzning oʻlmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi Oʻzbekiston gʻoyasi bilan uygʻun va hamohangdir. Xalqimizning fidokorona mehnati, qatʼiy siyosiy irodamiz bilan keng koʻlamli islohotlarimizni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, el-yurtimiz manfaatini, jondan aziz farzandlarimiz kelajagini taʼminlashga xizmat qiladigan toʻgʻri yoʻlimizdan hech qachon ortga qaytmaymiz, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Barcha soha va hududlardagi saʼy-harakatlar oʻz natijalarini bermoqda. Zamonaviy korxonalar, yangi uy-joylar, ilm va madaniyat maskanlari qurilib, shahar va qishloqlar obod boʻlib bormoqda.
Yurtimizda aholining barcha qatlamlari, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlarning muammolarini hal etish, ularni bilim va kasb-hunarga oʻrgatish, ish oʻrinlari, daromad manbai, turar joylar bilan taʼminlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Bularning hammasi Navroʻzning mohiyatida mujassam boʻlgan insonparvarlik, mehr-oqibat, obodlik qadriyatlariga mosdir.
Davlatimiz rahbari Navroʻz bayramini nishonlayotgan barcha xalqlarga, xorijiy hamkorlarga ezgu tabrik va salomlarini yoʻlladi.
Bayram tadbiri katta konsert dasturi bilan yakunlandi.