Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahrida ochilgan kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi — KOICA bilan sheriklikda tashkil etilgan ushbu majmuada elektronika, axborot texnologiyalari, avtomobilsozlik, tikuvchilik, sartaroshlik-kosmetologiya kabi talab yuqori kasblar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Markazga barcha zamonaviy uskuna va jihozlar Janubiy Koreyadan olib kelingan. Oʻquv-mashgʻulotlar ham ushbu mamlakat dastur va qoʻllanmalari asosida oʻtiladi. Buning uchun 5 nafar koreyalik murabbiy jalb etilgan. Ayni paytda 240 nafar kishi saboq olmoqda.
Davlatimiz rahbari oʻquv jarayonlarini koʻzdan kechirib, yoshlar va xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.
— Oʻqish, izlanishga hech qachon kech emas. Kelib, kasb oʻrganayotganingiz ertangi kuningizga befarq emasligingizdan dalolat. Biroz qiyin boʻlar. Lekin oʻzingizni, farzandlaringiz kelajagini oʻylasangiz, shunga qunt qiling. Qiyinchilik oʻtib ketadi, siz boylik yaratayapsiz, — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari koreyalik murabbiylar bilan ham suhbatlashib, ularga minnatdorlik bildirdi.
Hozirgacha mamlakatimizda bu kabi markazlar Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida bor edi. Fargʻonada tashkil yangi markaz esa vodiy viloyatlari aholisiga xizmat koʻrsatadi. Uzoqdan kelib, kasb oʻrganuvchilar uchun yotoqxona ham barpo etilgan.