Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Gʻalaba bogʻiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Harbiy orkestr ijrosida “Xotirlash kuyi” yangradi. Davlatimiz rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qoʻydi.
Bu majmua Ikkinchi jahon urushida besh oʻgʻlidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va yetim qolgan nabiralari xotirasiga bagʻishlab barpo etilgan. U xalqimizning urushdagi yoʻqotishlari, tinchlik uchun kurashi timsoli sifatida bogʻ markazidan oʻrin olgan. Shu maʼnoda “Matonat madhiyasi” urushda oʻz bolasidan, oʻz yoridan judo boʻlgan barcha onalar, barcha ayollar sharafiga oʻrnatilgan muazzam obidadir.
Bogʻda Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham jam boʻldi. Prezidentimiz ular bilan suhbatda xalqimizga tabriklarini yoʻlladi.
– Bugun ushbu Gʻalaba bogʻida turib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni qutlugʻ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bunday damlarda qahramon ota-bobolarimiz xotirasini yodga olib, ularning jasorati oldida taʼzim qilamiz. Ularning tinchlik va ozodlikka bagʻishlagan serqirra hayot yoʻli kelgusi avlodlar uchun oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan buyuk merosdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bu maskan urush oqibatlarini, tinchlik qadrini yodga solishini taʼkidladi.
– Bugun dunyo tahlikali boʻlib borayapti. Har daqiqa sinovli boʻlayapti. Bu bizga ham taʼsir qiladimi? Albatta taʼsir qiladi. Lekin xalqimiz hayotiga shu taʼsirni kamaytirish boʻyicha choralar koʻryapmiz. Mehnatimiz bilan, birdamligimiz bilan, Xudo xohlasa, bu sinovlardan ham oʻtamiz, – dedi Prezident.
Vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari ham majmua poyiga gullar qoʻydi.