Mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan taʼlimning yangi tizimi — Prezident maktablari tashkil etildi. Joriy yilda Qarshi shahrida ham shunday maktab foydalanishga topshirildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu muassasani koʻzdan kechirdi.
168 oʻrinli maktab binosi va yotoqxona Prezident maktablari standarti asosida qurilgan. Fan xonalari, laboratoriyalar, sport zallarida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Bu yil maktabga 10 mingdan ziyod oʻquvchi hujjat topshirib, shundan 144 nafari qabul qilindi. Taʼlim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun eng malakali oʻqituvchilar, jumladan, 10 nafar chet ellik mutaxassis jalb qilingan. 15 oʻrinli oʻqituvchilar mehmonxonasi qurilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.
— Bu hayotlaringizdagi birinchi eng katta gʻalabangiz. Ana shu gʻalaba bilan sizlarni tabriklayman, ota-onangizga rahmatlar aytaman. Oʻz kelajagingizga zamin yaratayapsiz. Vaqtdan, bu sharoitlardan unumli foydalaninglar. Bugungi muvaffaqiyat — tarix. Yanayam koʻproq oʻqib, izlanishdan toʻxtamanglar. Kelgusida yangi Oʻzbekistonning munosib farzandlari boʻlib yetishasizlar. Men bunga ishonaman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident maktabi bilan viloyatdagi boshqa maktablar oʻrtasida tajriba almashinuvni yoʻlga qoʻyish, shu asosida aniq fanlarni oʻqitish metodologiyasini yangilash zarurligi taʼkidlandi.