Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga aʼzo davlatlar Bosh vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirgʻiz Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilgʻaziyevni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam muloqot ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish va uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muhammadqaliy Abilgʻaziyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, sanoat, transport, agrosanoat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi sheriklikni, shuningdek, chegaraoldi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.