Shavkat Mirziyoyev: Uylar davlat tomonidan bepul qurib-taʼmirlab beriladi

0
97
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida boʻlib,  amalga oshirilayotgan ishlar  bilan tanishdi va aholi bilan uchrashdi.

Bugungi kunga qadar 20 ta aholi punktidagi buzilgan uylar va ularning atrofi chiqindilardan tozalandi. 13 ta mahalladan suv qoldiqlari chiqarildi.

 Hozirda qariyb 66 ming aholi oʻz uylariga qaytdi. Boshqa joylarda ham tozalash-taʼmirlash ishlari tezkor surʼatlarda davom etmoqda.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Xususan, Sardoba tumanidagi “Doʻstlik” mahallasida 1480 xonadondan iborat 37 ta uy barpo etiladi. Davlatimiz rahbari mazkur turar joylarning poydevoriga tamal toshi qoʻydi.

– Taʼmirlanadigan uylar ham, yangi quriladiganlari ham davlat tomonidan bepul qurib-taʼmirlab beriladi. Odamlar yangi koʻp qavatli uylarga va oʻzlarining taʼmirlangan hovli-joylariga 1 sentyabrgacha toʻliq koʻchib oʻtishi mumkin boʻladi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham oʻzlarida qoladi, – dedi Prezident.

Suv toshqinidan zarar koʻrgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentidan 40 million soʻmlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovgʻalar topshirilmoqda.

Vatandoshimiz Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar xayriya mablagʻi ham shunga yoʻnaltirilgan.

Davlatimiz rahbari aholi bilan uchrashuvda nafaqat uy-joy bilan taʼminlash, balki korxonalar tashkil etib, ish oʻrinlari yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Shu maqsad bilan qisqa vaqtda qiymati 2 trillion 143 milliard soʻmlik 323 ta katta-kichik loyihalar shakllantirildi. Ularni tatbiq etish hisobiga Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida joriy yilda 10 mingga yaqin ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 1 ming 800 ga yaqin beton panelli kottej mavjud boʻlib, ular suv toshqinidan koʻp zarar koʻrmagan. Ularni zamonaviy taʼmirlab, oʻz egalariga topshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda mamlakatimizning barcha hududlaridan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari boshchiligida 305 ta qurilish tashkiloti va 12 mingga yaqin quruvchilar Sirdaryoga yetib kelgan.

Masalan, Oqoltin tumanidagi “Shodlik”, “Saxovat”, “Ahillik” mahallalarida va “Uchtom” aholi punktida jami 657 ta kottej taʼmirlanadi. “Shodlik” mahallasidagi uylar Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatiga, “Ahillik” mahallasi va “Uchtom” aholi punkti Surxondaryo viloyatiga, “Saxovat” mahallasidagi turar joylar Toshkent shahriga biriktirilgan. 

Mirzaobod  tumanidagi “Navbahor”, “Haqiqat” va “Yangiovul” mahallalarida jami 616 ta kottej taʼmirlanadi. Ushbu ishlarga Sirdaryo, Jizzax, Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlari quruvchilari biriktirilgan.

Suv toshqinidan aziyat chekkan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari ahliga sertifikat va pul mablagʻli bank kartochkalari topshirildi.

Mamlakatimiz Prezidenti Toshkentga qaytib keldi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.