Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanidagi “Yevro Global Invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugun yurtimizda qurilish koʻlami keng. Shu bois yangicha dizayndagi temir-beton materiallariga talab yuqori.
Oʻtgan yili dekabrda ish boshlagan “Yevro Global Invest” korxonasi yirik yigʻma temir-beton panellari tayyorlashga ixtisoslashgan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 40 million yevro. 7 gektarlik ishlab chiqarish maydoniga Italiya, Germaniya va Avstriyadan zamonaviy liniyalar keltirib oʻrnatilgan.
Korxona mahsulotlari jahon standartlariga mos, zilzilabardoshligi yuqori. Mazkur qurilish materiallari ishlatilgan uylar tannarxi boshqalarga nisbatan 30 foiz arzon boʻladi. Mahsulotlar rangli qilib tayyorlanishi ham mumkin.
Klaster usulidagi korxona yiliga 500 ming kub metr beton mahsulotlar ishlab chiqarish, 1 million tonna tosh maydalash, yana shuncha asfalt tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda shuningdek, ichki va tashqi eshiklar, deraza romlari, mebellar ham yasalmoqda.
Davlatimiz rahbari materiallar ishlab chiqarish va qurilishning toʻliq «zanjiri»ni tashkil etib, uy-joylar narxini yanada arzonlashtirish, koʻproq yoshlarni ishga jalb etish zarurligini taʼkidladi.
Ayni paytda 850 nafar ishchi mehnat qiladi. Yil yakunigacha ish oʻrinlarini 1 ming 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu yerda 2021-2022 yillarda Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.