Davlatimiz rahbari 17 fevral kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markaziga tashrif buyurdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Ushbu markaz 2017 yil 30 dekabrda foydalanishga topshirilgan. Bu yerda yoshlarning talab va qiziqishlaridan kelib chiqib 16 toʻgarak tashkil qilingan. 800 oʻrinli majlislari zali, konferensiya va kino zallari, xodimlarning xizmat xonalarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Prezidentimiz markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bajarilgan ishlarni yuqori baholab, bu yerda yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, uyushmagan yoshlarni birlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Bu buxorolik yoshlarga yaratilgan ulugʻvor shart-sharoit va imkoniyatlarning bitta namunasi, desa arziydi.