Mamlakatimiz uchun qaldirgʻoch korxona boʻlgan bu yerda metall, tosh, shisha, yaroqsiz rezina va avtoshinalar, plastmassa, yogʻoch-taxta boʻlaklari, shox-shabbalar, makalatura, qurilish materiallari, matolar chiqindisi saralanadi. Ulardan briket, sintetik tola, qogʻoz karton, toʻqimachilik matosi, qurilish bloklari, biogumus va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Toʻrt yuzdan ziyod ishchi mehnat qiladi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Prezidentimizning 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini saqlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017 yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida Kogon tumanida chiqindilarni saralash va qayta ishlash klasteri qurish loyihasi bilan tanishgan edi. Mana bir yil oʻtmasdan “Aholi trans” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyat boshladi.
Prezidentimiz korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Klasterga tumandagi boʻsh turgan bino va inshootlar “nol” qiymatda berilgan edi. Binolar taʼmirlanib, Xitoydan bir kecha-kunduzda 450 tonna chiqindini qabul qilish quvvatiga ega texnologiya keltirib, oʻrnatildi.
Bu yerda metall, tosh, shisha, yaroqsiz rezina va avtoshinalar, plastmassa, yogʻoch-taxta boʻlaklari, shox-shabbalar, makalatura, qurilish materiallari, matolar chiqindisi saralanadi. Ulardan briket, sintetik tola, qogʻoz karton, toʻqimachilik matosi, qurilish bloklari, biogumus va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Toʻrt yuzdan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxona bugungi kunda Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon tumanlaridagi maishiy chiqindilarni tashib keltirmoqda. Keyinchalik korxona faoliyatini kengaytirib, viloyatning barcha hududlarida paydo boʻladigan chiqindilarni yigʻib keltirishni rejalashtirgan.
Prezidentimiz klasterning mazkur rejalarini maʼqulladi.
Shu paytgacha bu masala bilan hech kim shugʻullanmagan edi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Chiqindi qayta ishlansa, tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi, koʻplab ish oʻrinlari yaratiladi. Eng muhimi, ekologiyamiz toza boʻladi, keyinchalik suv va havo orqali aholi salomatligiga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararning oldi olinadi.
Korxona atrofidan ishchilar uchun uy-joy, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi, yopiq suzish havzasi, shifoxona, sport maydonchasi, avtoturargoh, ularning farzandlari uchun maktab hamda maktabgacha taʼlim muassasasi qurishni moʻljallamoqda.
Davlatimiz rahbari korxona tashabbuskorlari va jamoasiga minnatdorlik bildirdi. Chiqindi yigʻish qamrovi va qayta ishlash quvvatini yanada kengaytirish, shunday korxonalarni boshqa joylarda ham tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.