Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2018-2019 yillarda agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialini tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan edi. Hozirgi kunda mazkur filial tashkil etilgan, ilmiy xodimlar tomonidan viloyatda oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha qator istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan. 2016 yilda oʻrmon yerlarida bor-yoʻgʻi 8 gektarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilgan boʻlsa, joriy va kelgusi yilda bu koʻlam 830 gektarga yetkaziladi. Adir va togʻoldi hududlarida koʻplab doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.
Shavkat Mirziyoyev oʻrmon xoʻjaligida innovatsion gʻoyalarni qoʻllash, ekinlar turi va hosilini koʻpaytirish boʻyicha maxsus jamgʻarma tuzish zarurligini taʼkidladi.
«Oʻrmon xoʻjaligi yerlarida foydalanilmayotgan imkoniyat koʻp. Masalan, pista, yongʻoq, noʻxot, loviya kabi xaridorgir mahsulotlar, zaʼfaron, naʼmatak va boshqa dorivor oʻsimliklardan qancha daromad olsa boʻladi! Asal yetishtirish ham mumkin. Faqat ilm, izlanish, harakat kerak. Vaqti kelib, oʻrmon xoʻjaligi alohida yirik sohaga aylanishi zarur» dedi Prezident.
Viloyatda baliqchilikni rivojlantirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Joriy yilda 11 tumanda yangi hovuzlar barpo etish, aholi tomorqalari hamda sholi maydonida Xitoy va Vyetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Shu yerda parrandachilik, chorvachilik, yongʻoqchilikni kengaytirish, meva-sabzavotlarni eksport qilishga oid loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Prezidentimiz tadbirkorlar va mutasaddilarga zarur koʻrsatmalar berdi.