Xalqaro musobaqalarda gʻoliblikka erishib, Oʻzbekiston bayrogʻini yanada yuksaklarga koʻtarayotgan ertamiz egalari bugundan kelajak tamal toshini qoʻyishmoqda. Ulardan biri -Shohida Hayitmetova.
Yurtimiz bugungi kunda yoshlarning turli sohadagi salohiyatini namoyon etayotgan mamlakat sifatida dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Xoh u tadbirkor boʻlsin, xoh sportchi yo sanʼatkor, boringki barcha jabhada faoliyat olib borayotgan shijoatli yigit-qizlarning bilimi, tajribasi, mehnati orqali erishayotgan muvaffaqiyatlarini koʻrib faxr-iftixor hissini tuyasiz.
Yoshlarning chuqur bilim olishi va maqsadiga erishishi uchun davlat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar ana shunday ulkan gʻalabalar sari yetaklayotgani sir emas. Ana shunday yoshlardan biri Urganch shahrida pardozchi va stilist boʻlib faoliyat yurituvchi Shohida Hayitmetova uchun 2017-2018 yillar yulduzli onlari boʻldi. Oʻtgan yilning 5 dekabrida u Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati kubogi uchun oʻtkazilgan respublika koʻrik-tanlovida ishtirok etib, “Sartaroshlik sanʼati, tirnoq bezaklari va yuz pardozi” yoʻnalishi boʻyicha 2-oʻrinni egalladi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Sartaroshlar uyushmasi taklifi bilan joriy yilning 22-25 fevral kunlari Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan “Nevskiye berega” deb nomlangan xalqaro goʻzallik festivalida sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritdi. Rossiya, Koreya, Moldova, Litva kabi 30 dan ziyod rivojlangan mamlakatlardan kelgan bahslashuvchilar oʻrtasida sartaroshlik sanʼati, tirnoq bezaklari va yuz pardozi yoʻnalishlari boʻyicha “Doʻstlik kubogi” uchun oʻtkazilgan Xalqaro chempionatda oʻz ishini sanʼat darajasida mukammal egallaganini nufuzli hayʼat aʼzolariga isbotladi va “Oʻrim turmaklari” yoʻnalishida 1- hamda “Oqshom turmagi” yoʻnalishida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
– Goʻzallik va nafosat sohasida muhim voqea hisoblangan ushbu festival hayotimda va faoliyatimda muhim ahamiyatga ega boʻldi, – deydi Shohida. Bunga albatta, oʻz kasbimni sevganim, tinimsiz mehnatim orqali, qolaversa, oilamning qoʻllab-quvvatlagani bois erishdim. Shuningdek, Oʻzbekiston Sartaroshlar uyushmasi raisi Farhod Shomurotov tomonidan bildirilgan ishonch menga kuch bagʻishladi. Bellashuv nihoyatda keskin va hayajonli oʻtdi. Soch turmagi va pardoz uchun ajratilgan 30 daqiqa vaqt oraligʻida oʻz ishimni aʼlo darajada yakunlashga harakat qildim. Ayniqsa, gʻoliblik shohsupasiga chiqqanimda va yurtimiz madhiyasi yangragandagi hayajonli daqiqalar bir umrga yodimda qoladigan shodlik baxsh etdi.
Quvonarlisi, shu yilning 21-23 iyun kunlari Shohida Hayitmetova Oʻzbekiston Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan “14-Xalqaro Goʻzallik industriyasi koʻrgazmasi” doirasida oʻtkazilgan “Buyuk ipak yoʻli” koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichida oʻz sohasi boʻyicha “Mahorat darsi”ni oʻtkazdi va koʻpchilikning olqishiga sazovor boʻldi.
Ayol zoti dunyoda bor ekan, goʻzallik va nafosat baxsh etuvchilarning ishiga ehtiyoj tugʻilaveradi. Shuning uchun ushbu sohani rivojlantirish, ayollarimizning yanada goʻzal va latofatli boʻlib yurishini astoydil istaydigan Shohida Hayitmetova kelajakda sartaroshlik sohasini egallashni maqsad qilgan yoshlar uchun oʻz maktabini ochishni niyat qilgan. Zero, kasbdan kamol topish, uning zavqi va zahmatidan bahramand boʻlish kishini ulugʻlik sari yetaklaydi.
Muhabbat XOʻJAMURODOVA