Urganch tumanidagi 11- sonli Bolalar musika va sanʼat maktabi oʻquvchisi Raximberganov Shoxruxxon Azamat oʻgʻli ushbu yil aprel oyida Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida oʻtkazilgan 7-Xalqaro tanlovida fortepiano boʻyicha ishtirok qilib, sertifikat bilan takdirlandi.
Yosh musiqachi 2017-yili dekabr oyida oʻtkazilgan «Kamalak yulduzlari» bolalar ijodiyoti respublika festivalining Xorazm viloyati bosqichida 1-darajali diplomning ham sohibi boʻlgandi.
«Nevaram Shoxruxxon endigina oʻn ikki yoshga kirayapti. Bolajonim shu yoshida 15ta diplom, sertifikat va faxriy yorliq olishga erishdi. Urganch tumanidagi Chakkasholikor qishlogʻida tugʻilgan nevaraginamning yutuqlari mamlakatimizda bolalarga yaratilgan imkoniyatlar tufayli desam arziydi»,-deydi Tamara Mamutbayeva.
Tamara xursand boʻlganicha bor. Eri bir umr bitta joyda kolxozning traktor garajida mexanik boʻlib ishladi. Tamara ham Urganch shahridagi telefon aloqasi idorasida uzok yillar aloqachi yaʼni telefonistka va boʻlim boshligʻi vazifalarida ishlab nafakaga chikdi. Er -xotin bolalarining sanʼatkor boʻlishini orzu qilishar edi. Ota-onaning orzusini Shoxruxxon va uning dadasi-Abdukodirov Azamat amalga oshirdi.
Azamat Urganch shahridagi sanʼat kollejida qashkar rubobi boʻyicha saboq beradi. Mohir pedogog. Buvisining orzusini amalga oshirayotgan Shoxruxxon esa bu yil 19-sonli oʻrta maktabning 6-sinfiga oʻtdi. Maktabda aʼlo baholarga oʻqish bilan birga boʻsh paytlarida Urganch tumanidagi 11- son Bolalar musika va sanʼat maktabiga katnaydi va fortepiano mutaxassisligi boʻyicha 3-sinfiga oʻtdi. Shu oʻtgan qisqa vaqt ichida u koʻplab koʻrik- tanlovlarga qatnashib ulgurdi. Yosh musiqachining qoʻlga kiritgan oʻn beshta diplom, sertifikat va faxriy yorliq olishi oson kechgani yoʻq. Buning orqasida mashaqqatli mehnat, uzluksiz mashgʻulot, tinimsiz izlanish bor. Shoxruxxon hozirgi kunda yozgi taʼtil boʻlishiga qaramay fortepiano mutaxassisligi boʻyicha ustozi — Atajanov Zokir bilan dars mashgʻulotlarini davom ettirmoqda.
«Erim boʻlganida hozir Shohruxxonning yutuqlarini koʻrib boshi osmonga yetardi. Chunki, mashhur hind artistiga havas qilib uning nomni qoʻygan edi»-deydi Tamara. — Erim 2012 yil Ollohning irodasi ila dunyodan oʻtdi. Bir qiz, ikki oʻgʻlimiz bor. Kattasi kizim Oltinoy oʻzidan tingan, uyli-joyli, farzandli. Katta oʻgʻlim Ilhomboy ham oʻgʻil — qizlarning otasi. Katta oʻgʻlimning nevarasi orqasidan chevara koʻrib, qoʻlidan suv ichishga muyassar boʻldim. Chevaramga rahmatlik qaynotamning ismini berib, Abduqodir deb qoʻydik. Alhamdulillah oʻziga shukur Ollohim shu baxtli onlarga yetirdi, shularning baxtu kamolini koʻrib oʻtiribman. Ikki kelin bilan bir hovlida ahil-inoq yashardik. Shukrki, oʻzidan koʻpayishayapti, katta xonadonga katta hovli kerak. Zamon talabi shu ekan. Kichik oʻgʻlim oilasi bilan yaqinda yangi imoratga koʻchib oʻtdi, yangi imorat ham yonimizda.-deydi Tamara xursand boʻlib, farzandlarini alqab.
Momolarimiz eʼzozlagan urf-odat va qadriyatlarimizni avaylab-asragan holda ularni zamonaviy talablar asosida rivojlantirayotgan, farzandlarini elga kamarbasta boʻlishiga koʻmaklashayotgan Tamaraning turmush tarzi, nafaqaga chiqib chor -atrofini gullarga burkab oʻtirgani ham baxt. Mahallaning obodonchiligiga, xonadonining farovonligiga munosib hissa qoʻshayotgan Tamaraning xonadoniga omadlar tilab qolamiz.
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.
Raʼno ZARIPOVA