Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub 23 may kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Poytaxtimiz aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Singapur Prezidenti va uning turmush oʻrtogʻini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Z.Mahkamova, tashqi ishlar vaziri B.Saidov va Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.Umurzoqov kutib oldi.
Oliy martabali mehmon va Singapur delegatsiyasi aʼzolari “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi, mamlakatimizning istiqlol yillaridagi rivojlanishi va ushbu betakror majmuaning yaratilishi tarixi bilan tanishdi, milliy madaniy markazlar vakillari bilan uchrashdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga boʻlib oʻtadi.