Sirdaryoda sanoat rivojlanmoqda

0
73
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahridagi “Omon med farm” korxonasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu yerda asosan mahalliy dorivor oʻsimlik va xomashyolardan yiliga 2 million 400 ming qadoq farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Korxonada tayyorlanayotgan antibiotik, tabletka, ampulali va infuzion dori vositalari shifoxonalar va dorixonalarga yetkazib berilmoqda. Shuningdek, mahsulotlarning bir qismini qoʻshni mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Korxonada qariyb ming kishi mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayoni, kelgusi rejalari bilan tanishdi.

Ushbu masʼuliyati cheklangan jamiyat tibbiyot klasteri shaklida rivojlanmoqda. Uning huzurida klinika, maktab va universitet qurilmoqda.

Prezidentiiz korxonada tayyorlanayotgan dori turlarini koʻpaytirish va eksport qilishga amaliy koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Sirdaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari ham namoyish etildi.

Shu yerda viloyatdagi 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi boʻldi. Ular – Sirdaryo tumanidagi “River Med farma”, “Yevroaziya gaz beton”, “Modern Marbel”, “Peng Sheng Charm”, Sayxunobod tumanidagi “Toshkent siti gold blok” hamda Yangiyer shahridagi “Inter Treyding-grup” masʼuliyati cheklangan jamiyatlaridir. Ularning rahbarlari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.

Qayd etilganidek, “River Med farma” korxonasida yiliga 42 million dona infuzion dori mahsulotlari tayyorlanib, 250 kishi ish bilan taʼminlanadi.

“Yevroaziya gaz beton” qurilish sohasiga ixtisoslashgan. U yerda  Niderlandiya texnologiyasi asosida yiliga 450 ming kub gazobeton ishlab chiqariladi, 100 ta ish oʻrni tashkil etiladi.

“Modern Marbel”da yiliga 800 ming kvadrat metr marmar kesimlari tayyorlanadi.

“Peng Sheng Charm” yiliga 1500 kvadrat metr tabiiy charm hamda 468 tonna jelatin ishlab chiqarishga quvvatiga ega. Ularning asosiy qismi eksportga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

“Toshkent siti gold blok” va “Inter Treyding-grup” loyihalari 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya evaziga amalga oshirilgan. Birinchisida yiliga 300 ming metr kub gazoblok ishlab chiqarilsa, ikkinchi korxona 45 ming tonna un tayyorlash quvvatiga ega.

Umuman, mazkur korxonalarda 600 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi, ularning faoliyati tufayli viloyat ishlab chiqarishiga 37 milliard soʻm, eksportiga qariyb 30 million dollar qoʻshiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.

Davlatimiz rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatlashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.