Sirdaryoga poytaxtning Yakkasaroy tumanidan yordam karvoni keldi 

0
170
marta koʻrilgan.

Bugungi kunda  butun mamlakatimiz aholisining eʼtibori yana bir sinov  – Sardoba tumanidagi tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etishga, suv toshqinidan aziyat chekkan yurtdoshlarimizga moddiy yordam koʻrsatishga, maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga borganida  aholi bilan uchrashib, ofatdan jabrlangan har bir inson alohida eʼtiborga olinishi, hamma uy-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlanishini taʼkidlab shunday degan edi:

– Shunday ogʻir paytda hammamiz sizlarning yoningizdamiz. Avvalo, har bir mahallaga kirib, oʻt oʻchirish mashinalari yordamida suvni qochiramiz. Qurilish, taʼmirlash  va yangi uylar barpo etish boʻyicha xalq bilan maslahatlashib ish tutamiz. Hammasini sekin-sekin joyiga qoʻyamiz. Fermerlarning masalasi ham dalasiga chiqqan holda hal etiladi. Eng muhimi, oʻzlaringiz sogʻ-salomat, bolalaringiz yoningizda ekan. Koʻngilni toʻq qilinglar. Xudoga iltijo qilamizki, bizga madadkor boʻlsin, oxirgi koʻrganimiz shu boʻlsin.

Darhaqiqat. yurtboshimiz taʼkidlaganidek, xalqimizning  koʻrgan kechirgani shu boʻlsin. Suv toshqini ofati davridan talofatsiz, vaziyatni qoʻldan bermasdan oʻtish borasida davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan oʻz vaqtida tezkor choralar koʻrilganini  OAV orqali kuzatib turibmiz. Damba zudlik bilan taʼmirlandi. Sinovli damlarda har bir yurtdoshimiz sardobaliklarga yelka tutyapti. Muhtaram prezidentimizga koʻmakdosh boʻlishga intilishayapti.

Ayni kunlarda maʼnaviy qadriyatlarimizni eʼzozlab yashayotgan  mehr- oqibatli, saxovatli va himmati yuksak fazilatli olijanob xalqimiz hamjihatlikda Sirdaryoga oziq-ovqat, issiq kiyim-bosh, kundalik ehtiyoj uchun roʻzgʻor buyumlari va boshqa zarur mahsulotlar yuklangan koʻmak karvonlarini yubormoqda. Aslida boshga ogʻir kunlar kelganida ezgu niyatli insonlar yaxshilik yoʻlida birlashadi, bir-birini qoʻllab-quvvatlab ruhiy madad beradi.

Poytaxtimizdagi Yakkasaroy tumani hokimiyati tashabbusi bilan tuman soliq boshqarmasi hamda “BIZNES AZIYA” masʼuliyati  cheklangan jamiyati homiyligida tashkil etilgan avtokarvon toʻgʻon oʻpirilishidan, suv toshqiniidan  aziyat chekayotganlarga moddiy yordam olib  keldi. Avtokarvonda guruch, mosh, grechka, un mahsulotlari kabi  12 turdagi 280 million soʻmlik oziq –ovqatlar va roʻzgʻor buyumlari mavjud.

Aziz yakkasaroyliklar, amalga oshirayotgan  savobli ishlaringiz oʻzingizga ezgulik boʻlib qaytsin. Ollohim faoliyatingizga omad, kasbingizga  qut-baraka bersin,  har bir qadamingizda, nafasingizda  fayzu tarovat ufurib turishida  tilakdoshmiz.

Xalqimizda “yomgʻir bilan yer, duo bilan el yashnaydi” degan maqol bor. Darhaqiqat, xalqimiz taqdirning qancha-qancha sinovlarini koʻrgan, urushning olovlarida, front orqasidagi qahatchiliklarda bir musht boʻlib yengib chiqqan, toblangan va bir tan bir jon boʻlib sogʻ-omon yorugʻ kunlarga erishgan. Bugun ham sinovli davrdan yorugʻ yuz bilan oʻtamiz, Chunki, sardobaliklarning ortida butun Oʻzbekiston turibdi.

Yana elimizda “Qatorda noring boʻlsa yuking yerda” qolmaydi degan matal bor Haq oʻgit. Sardoba fojeasi barchani iztirobga soldi, oyoqqa qalqitdi. Goh Xorazmdan goh Fargʻonadan, yana boshqa viloyatlardan aziyat chekkanlarga oziq – ovqat, kiyim kechak, koʻrpa-toʻshak ortgan avtomashinalar karvoni ketma ket Sirdaryoga kirib kelmoqda. Ushbu tashabbus “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga uzviy ulanib ketdi.   Umumxalq harakatining mazmun-mohiyatini chuqur his etgan holda xorazmliklar (ijtimoiy tarmoq xabarlari) sahovatpesha omma tabiiy ofatdan aziyat chekkanlarga   koʻmak uchun 33 million mablagʻ yigʻishibdi. Bu esa “el bir siqimdan bersa toʻydiradi” degan xalq maqolining namoyon boʻlishidir! Ramazon oyida qilayotgan mehr-sahovatlari Olloh dargohida qabul boʻlsin.

Yana ijtimoiy tarmoqlardagi “Bir xonam boʻsh. Bir oilani bagʻrimga olaman. Yoki ikki oilani bagʻrimga olaman, yoki uch oilani uy bilan taʼminlash imkoniyatim mavjud” degan chorlovlar koʻngilni kengaytirib yuboradi. Ularning bari uy manzilini va telefon raqamini qoldirishgan. Bu ikkinchi jahon urushi davridagi fidoyilikni eslatadi. Darhaqiqat, bagʻri keng oʻzbegim ne-ne sinovlarni yengib oʻtgan, balolarga turib bergan, taʼbir joiz boʻlsa “toshni kemirib, suvni shimirib” boshiga kelgan fojialarga  yuragidan joy berib, savoblarga choʻmilgan xalq!  Aziyat chekkanlarga Sardobaliklarga ogʻir sinovli kunlarda tahririyatimiz nomidan sabr- bardosh tilaymiz!

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.