2018 yilning 30 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Baker & McKenzie” (AQSH) yuridik firmasining katta partneri Tomas Fayerston bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad huquqiy sohada qoʻshma tadbirlarni tashkil etish va Oʻzbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga (BST) qoʻshilishi borasida oʻzaro xamkorlikni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish edi.
Xususan, muhokamalar davomida quyidagilarga eʼtibor qaratildi:
— “Baker & McKenzie” yuridik firmasi bilan birgalikda xuquqshunoslar, auditorlar, davlat organlari va xususiy sektorning turli sohalaridagi vakillari ishtirokida “komplayens” (ing. sompliance) masalalari boʻyicha trening oʻtkazish;
Maʼlumot uchun: “komplayens” tashkilotda mavjud nazorat tizimining bir qismi boʻlib, qonun hujjatlari, nazorat organlari, sanoat birlashmalari talablari, axloq kodekslari va boshqa shunga oʻxshash qoidalarni bajarmaslik xavf-xatarlari bilan bogʻliqdir. “Komplayens” sohasidagi qonunlar, talablar va standartlar odatda bozor munosabatlarining tegishli standartlariga rioya qilish, manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish, mijozlarga adolatli munosabatda boʻlish va mijozlarga maslahat berishda vijdonli yondashuvni taʼminlash kabi masalalarga taalluqlidir.
— vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning BSTga azo boʻlishining huquqiy jihatlarini muhokama qilish;
— “Baker & McKenzie” bilan hamkorlikda yuridik kadrlar uchun xalqaro arbitraj masalalari boʻyicha kurslar va amaliyot oʻtashni tashkil etish;
— Oʻzbekistonda tijorat va investitsiya nizolarini hal etish boʻyicha xalqaro arbitraj institutining ochilishi salohiyatini oʻrganish hamda arbitraj qoidalarini ishlab chiqish;
— Toshkentda “Baker & McKenzie” ofisini ochish.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi Oʻzbekiston bozorini rivojlantirishiga, shu jumladan huquqiy sohani mustahkamlashga xizmat qilishi haqida yakdil fikrga keldilar.