2018 yil 4 iyun kuni Sariagʻash shahrida (Janubiy Qozogʻiston viloyati) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi hamda Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senatining Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi rahbarlari va aʼzolarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasiga Alisher Kurmanov rahbarlik qildi.
Qozogʻiston delegatsiyasiga Darigʻa Nazarboyeva boshchilik qildi.
Uchrashuv chogʻida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarida mintaqalar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik qilish, parlament aʼzolarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish, yuksak va oliy darajalarda erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish masalalari muhokama etildi.
Tomonlar keyingi ikki yilda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarilganini qayd etdilar. Ushbu munosabatlar ikki qardosh mamlakatning birligiga, ajralmas, uzoq muddatli strategik manfaatlariga asoslangan.
Qozogʻiston delegatsiyasi Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar bilan tanishtirildi.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston chegaradosh viloyatlari rahbarlari oʻtish-nazorat punktlari faoliyatini takomillashtirish, savdo-sotiq, turizm, aerokosmik sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, birgalikda madaniy tadbirlarni oʻtkazishga doir ishlarni davom ettirish dolzarb ekanini taʼkidladilar. Qozogʻiston tomoni chegaradosh hududlarda qoʻshma korxonalar tashkil etish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha tomonlarning imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishni taklif etdi, yerlarni oʻrganish, televizion dasturlar almashish va boshqa masalalarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar parlament aʼzolarining oʻzaro tashriflarini amalga oshirish va ham Oʻzbekistonda, ham Qozogʻistonda oʻtkaziladigan parlament tadbirlarida birgalikda ishtirok etish toʻgʻrisida kelishib oldilar.