Vatan timsollari maqaddasdir

0
1267
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti uchun huquqiy zamin yaratdi, shu bilan birga demokratik rivojlanishning poydevori boʻlib xizmat qilayotgan davlatimiz, millatimiz timsolidir.

Bosh qonunimiz davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining ifodachisidir.

Shuning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazilishi mustaqqil yurtimizda anʼanaga aylandi. Xalqimiz ushbu tantanali marosimni hamisha orziqib kutadi. Chunki, mamlakatimiz prezidenti oʻz maʼruzasida oʻtayotgan yilni sarhisob qilib, kelgusi yilning muhim va ustuvor vazifalarini belgilab beradi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev anʼanaga binoan bu yilni ”Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”deb eʼlon qilgani ayni muddao boʻldi.

 

Davlatimiz ramzlaridan biri – bayroq

Mustaqil Oʻzbekiston ahli yana bir tantana davlatimiz bayrogʻi qabul qilingan kunni ketma ket nishonlaydi.

Konstitutsiyamizning 5-moddasida shunday deyiladi: Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan oʻzbek davlat ramzlari-bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”. Bayrogʻi, gerbi, madhiyasi kabi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining koʻzgusi, timsolidir.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning navbatdan tashqari oʻtkazilgan VIII sessiyasida 1991 yil 18 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan edi Mana shunga ham yigirma olti yil toʻlyapti.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi bugungi Oʻzbekiston sarhadini qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.

Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzidir. Bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuxrat va sadoqatni bildiradi. Amir Temur davlatining bayrogʻi ham moviy rangda boʻlgan.

Oq rang muqaddas tinchlikni ifodalaydi, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang poklik, begʻuborlik, soflikni hamda ichki goʻzallikka intilishni ham oʻzida ifodalaydi.

Yashil rang-tabiatning yangilanishi ramzi. U umid, navqironlik va shodumonlik timsolidir.

Qizil chiziqlar vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.

Navqiron yarim oy tasviri biznig tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni kunda qoʻlga kiritilgan mustaqqilligimiz ramzidir.

Yulduzlar barcha uchun ruhiy quvvat, ilohiy timsol hisoblanadi. Bayrogʻimizdagi 12ta yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi quyosh yilnomamizga bevosita aloqadordir. Bizning 12 yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz mamlakatimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida”Nujum ilmi” taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Shuningdek, u oʻzbek xalqi madaniyati qadimiyligi, uning komillikka, oʻz tuprogʻida saodatga intilishi ramzi sifatida tushinish lozim.

Bayrogʻimiz xalqaro tashkilot BMTi binosida hilpiraganda, rasmiy uchrashuvlarda, sport maydonlarida baland koʻtarilganda qalbimizni faxr tuygʻusi qamrab olishi ana shundandir.

Madhiya. Mustaqil Oʻzbekiston ahli uchun 10 dekabr kuni Davlat gimni qabul qilingan kun sifatida tarixga muhrlangan. Konstitutsiya shodiyonalariga gimn quvonchlari qoʻshilib ketishi tasodif emas. Yurtga baland shuhratu shukuh tilab uyushtirilgan goʻzal, eʼzozli anʼanadir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning XI sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Xuddi shu sessiyada 10 dekabr kuni Mustaqil respublikaning Davlat gimni haqidagi Qonun ham tasdiqlandi.  Mana shunga yigirma olti yil boʻlyapti.

Mutal Burxonov musiqasi, Abdulla Oripov sheʼridan iborat gimn. xalqimizning faxriga, gʻururiga aylandi. Zero, “Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy gʻururimizni, yuksaltirishga xizmat qiladi.  Ularning har biri-katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir”, deydi mamlakatimiz birinchi prezidenti I. Karimov. Bu ayni haqiqat! Mamlakatimiz bosh Qomusi va gimni qabul qilingan ushbu sessiyada deputat sifatida qatnashgan bolalarimning otasi, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Namoz Saʼdullayevning uyga quvonch bilan kirib kelganligini hamon eslayman. U hayajon bilan shunday degan edi: ”Mustaqillik tom maʼnoda mustahkamlandi. Kecha Konstitutsiyamiz qabul qilingan boʻlsa, bugun madhiyamiz tarix sahifalariga muhrlandi. Endi u mamlakatimizning ramzi sifatida jahon siyosat maydonlarida jaranglaydi. Vatan mustaqilligi, tinchligi, farovonligi, taraqqiyoti abadiy boʻlsin.  Endi yagona Vatan, yagona taqdirmiz» degan edi. Va u zavq-shavq bilan Choʻlponning yillar davomida taʼqiqlangan olovli sheʼrini jaranglatib oʻqigan edi.

Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir.

Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq oʻchdir

Xalq qoʻzgʻolsa kuch yoʻqdirkim toʻxtatsin,

Quvvat yoʻqkim, xalq istagin yoʻq etsin.

Milliy gʻurur, millat iftixori u kishini ruhlantirgan edi. Milliy gʻurur shunday kuchli ruhiy holatki, u tufayli tarixiy yaxlitlik, til, madaniyat, maʼnaviyat, iqtisodiy hayot va kelajak birligi millat vakillarining qalbida chuqur oʻrin olib,  milliy birdamlik tuygʻusini uygʻotadi. Milliy birdamlik esa yetuk va mukammal maʼnaviy fazilat sifatida qadrlanadi.

Mustaqil Oʻzbekiston gimnining maqsad-muddaosi murgʻak jondagi shaxsni uygʻotish, yuksak ijtimoiy murod-maqsadlar mezonlariga muvofiq ravishda kamol toptirishdan iboratdir.

Bundan koʻp yillar oldin jurnalist sifatida Shovot tumanida mustaqillik sharofati bilan yangi ochilgan xususiy bolalar bogʻchasiga kirdim. Qoʻlini koʻksiga qoʻyib gimnni kuylayotgan jajji bolalarni koʻrib toʻlqinlanib ketdim. Ular orasida endigina til chiqarayotgan jajji goʻdaklar ham boʻlib, ular ham zavq-shavq bilan gimnga joʻr boʻlishayotgan edi. “Har kungi faoliyatimizni gimni kuylash bilan boshlaymiz” – dedi tarbiyachi.

Bu goʻzallik, mehr-muhabbat qalbimni nurlantirdi. Meni nevaralarim ham gimnni bilarmikan deb oʻylanib qoldim. Toshkentga qaytgach, katta nevaram Rasulbekdan gimnni yoddan oʻqib berishni soʻradim. U qoʻlini koʻksiga qoʻyib biror satrini tushirmasdan ifodali yodladi. Uning yonida turgan ikkinchi nevaram Oybek esa “buvijon men endi gimnni sizga kuylab beraman” dedida qoʻllarini koʻksiga qoʻydi. U kuylashga boshlaganida yonida turgan nevaram Madina va jiyanlarim ham qoʻshildi. Xonani bir quchoq bolalarning qoʻshiqlari qamrab oldi. Mening qalbim esa yayradi.

Ha, bu dunyoga har birimiz mehmonmiz! Faqat Vatangina mangu! Insondagi ezgulik, yaxshilik qoladi. Imon-eʼtiqod esa abadiy! Ana shu ezgulikni, imon-eʼtiqodni avlodlardan avlodlarga uzatuvchi avlod ham bugungi bolalarimizdir!

Zero, endilikda Istiqlolni avaylash oʻzligini avaylash ekanligini yoshu qari biladi. Istiqlol bilan, yurtimizga qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz bahor qaldirgʻochlari yangligʻ qaytib keldi. Madaniyatimiz, sanʼatimiz, tariximiz, gʻururimiz, milliyligimiz qadr topdi. Gimn bizning milliyligimizni ham oʻzida ifoda etadi.

Gimn yangrayapti. Men nimani qalbga tuyaman?! Mustaqillik yillarida respublikada paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, pillachilik, meva-sabzavotchilik sohalari, sanoatning gaz, neft, qimmatbaho metallar qazib chiqarish turlari keng rivoj topdi.

Tong bilan televizorni qoʻyaman. Gimnni eshitib turib kundalik faoliyatimni boshlayman. Men nimani qalbga tuyaman?! Vatanimizning uzoq oʻtmishdan sadosi – maʼnaviyati, madaniyati, maʼrifati dunyo kabi qadimiy va ulugʻvorligini qalbga tuyaman! Ajdodlarimiz mehnatining mahsuli boʻlmish gʻoyat qimmatli va eng qadimiy qoʻlyozma “Avesto”dagi goʻzal bitiklar ham ana shundan dalolat beradi. Mamlakatimizda asrlar mobaynida yaratilgan, rivojlantirilgan gʻoyat katta ilm, moʻjizakor ijodiy mehnat ham bor. Jahon ilm durdonasiga behisob hissa qoʻshgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Fargʻoniy, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyukdan  buyuk allomayu sarkardalarimiz bilan faxrlanaman!

Gimn yangrayapti… Men nimani qalbga tuyaman?!. Qayta tiklangan goʻzal va ulugʻvor tariximiz, istiqlol bergan buyuk oʻzgarishlar, yurt kengliklari, oppoq paxtazoru xirmon – xirmon paxta uyumlari, shigʻil-shigʻil yetilgan mevali goʻzal bogʻlarimiz, saf boʻlib uchayotgan turnalardek keng va ravon koʻchalarimizda tizilgan milliy avtomashinalarimiz, ona zaminimiz tuhfasi-gʻishtga monand sap-sariq tovlanayotgan tillalarimiz, tandirdan yangi uzulgan nondek koʻzni quvontiruvchi nashrlarimiz koʻz oldimdan bir-bir oʻtadi.

Yurtimiz madhiyasi yangraganda… bolalarimizning koʻzlaridagi yolqinlangan uchkunlar, xalqaro sport maydonlarida hilpirayotgan bayrogʻimiz gavdalanadi.

Gimn ohanglari taralayotganda… Mustaqqilligimiz timsoli mamlakat Prezidentining xalqaro siyosat maydonlariga tashrifi vaqtidagi yangragan Vatan timsoli bayroqimizning hilpirashi iftixor tuygʻulariga choʻlgʻab toʻlqinlantirib yuboradi. Siyosiy rahbarimizning xalqaro minbarlarda bayrogʻimiz ostida oʻqiyotgan maraʼruzalari, munozaralari gavdalanadi.

Gimn yangraganda… Yigirma olti yil ichida bosib oʻtgan yoʻlimiz bosqichma-bosqich amalga oshirilgan taraqiyot yoʻlimiz, oʻzbek modeli koʻz oldimizdan bir-bir oʻtadi. Mamlakatimiz erishgan darajalar jahoniy mezonlarga muqoyasa qilinganida quvonchlarimiz gavdalanadi…

Madhiya yangraganda… Istiqlol bilan xalqimiz boshqa xalqlarning goʻzal tajribasidan, umuminsoniy qadriyatlaridan oʻrganib, oʻzining ildizlariga – xalq salohiyatining munosib oʻzanlariga, asrlar davomida qaror topgan axloqiy mezonlarga suyanib, oʻziga xos, oʻziga mos yoʻlni tanlab oldi. Agar eʼtibor bersangiz nafaqat odamzotning, balki millatlarning, davlatlarning ham yashash tarzi, yuksalish aʼmollari ana shundan iborat! Izlanish, oʻrganish, yaratish… Zero, yuksalishni koʻzlagan har qaysi mamlakat oʻzi belgilagan yorugʻ manzil sari bosqichma-bosqich qadam qoʻyib, oʻz qadriyatlariga va jahon tajribalariga tayanib yuqorilab boraveradi. Shu maʼnoda davlatimiz ham mustaqqillikni mustahkamlash jarayonida murakkab yoʻlni bosib oʻtdi.

Gimn yangrayapti…

Buning zamirida esa ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot yaratish maqsadi jamuljam boʻlyapti…

Madhiya yangrayati… Bizda esa ertangi kunga ishonch tuygʻusi kuchayadi, u qalblarga quvonch, vujudlarga hayrat, ruhiyatga shijoat baxsh etadi.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.